Moliyaviy-texnik qoʻllab-quvvatlash platformasi mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash vositasi sifatida
12.10.2026
|
451
Joriy yil 8 oktabr kuni Avazada boʻlib oʻtgan Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuvida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoʻshma investitsiya loyihalarini moliyaviy-texnik qoʻllab-quvvatlash platformasini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.

Yangi mexanizm zarurligini asoslar ekan, Davlatimiz rahbari “yirik gʻoyalar nafaqat investitsiyalarni, balki jiddiy tayyorgarlik, ekspertiza, tushunarli moliyaviy vositalar va qoʻllab-quvvatlashni ham talab etadi”, deya taʼkidladi. Shu bilan birga, mintaqa mamlakatlari “oʻzaro savdo va investitsiyalarni oshirish boʻyicha jiddiy maqsadlar”ni allaqachon belgilab olgan, shu bois, Prezident qayd etganidek, “ushbu oʻsish nima hisobidan taʼminlanishini aniqlash zarur”.

Shu munosabat bilan mintaqa davlatlari uchun savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishdan qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga oʻtish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu ishlab chiqarish kooperatsiyasini chuqurlashtirish va yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar yaratish imkonini beradi. Buning uchun loyihalarni kompleks tayyorlash, moliyaviy resurslarni muvofiqlashtirish va ularning amalga oshirilishini qoʻllab-quvvatlashni taʼminlaydigan mexanizm zarur.

Davlatimiz rahbari tomonidan taklif etilgan Platforma ustuvor qoʻshma loyihalarning umumiy roʻyxatini shakllantirish hamda ularni kelishilgan standartlar asosida tayyorlashni tashkil etish orqali ushbu vazifalarni hal etishi mumkin. Mazkur yondashuvning muhim elementi loyihalarni barcha bosqichlarda, yaʼni dastlabki ishlab chiqish va texnik ekspertizadan tortib moliyalashtirishni jalb qilish va amaliy ijrogacha qoʻllab-quvvatlash boʻladi.

Tashabbusning dolzarbligi mintaqaning mavjud investitsiya salohiyati bilan ham bogʻliq. UNCTAD maʼlumotlariga koʻra, 2025-yilda Markaziy Osiyoga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar (TTXI) oqimi 12 foizga oshib, qariyb 5 mlrd dollarni tashkil etdi. Shu bilan birga, kelgusi oʻn yilda mintaqaga TTXI jalb qilish salohiyati 170 mlrd dollarga baholanmoqda.

Ushbu salohiyatni roʻyobga chiqarish nafaqat tashqi kapitalni yanada jalb qilishni, balki mintaqa mamlakatlarining moliyaviy imkoniyatlarini birlashtirish hamda investitsiyalarni ishlab chiqarish kooperatsiyasini chuqurlashtirish va oʻzaro savdoni kengaytirishga xizmat qiladigan loyihalarga yanada samarali yoʻnaltirish uchun shart-sharoit yaratishni ham nazarda tutadi.

Shu nuqtai nazardan, tashabbusning muhim afzalligi investitsiyaviy hamkorlikning amaldagi mexanizmlariga tayanish imkoniyatidir. Qator mamlakatlarda sanoat, energetika, transport infratuzilmasi va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlaridagi loyihalarni moliyalashtirishga yoʻnaltirilgan qoʻshma investitsiya fondlari va kompaniyalari faoliyat koʻrsatmoqda. Bunday mexanizmlar qatoriga Ozarbayjon-Oʻzbekiston investitsiya kompaniyasi, Oʻzbekiston-Qirgʻiziston investitsiya fondi hamda Qozogʻiston-Tojikiston toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar fondi kiradi.

Bunday vositalarning mavjudligi oʻzaro investitsiyalarni yanada kengaytirish uchun asos yaratadi. Shu bilan birga, investitsiya ustuvorliklarini uygʻunlashtirish, loyihalarni tayyorlashga oid yondashuvlarni muvofiqlashtirish va xalqaro moliya institutlarini faolroq jalb etish hisobiga ularning salohiyatini kuchaytirish mumkin.

Tashabbusning amaliy ahamiyati uchta asosiy yoʻnalishda namoyon boʻladi.

Birinchidan – davlatlararo kelishuvlardan aniq loyihalarni amalga oshirishga o‘tishni jadallashtirish. Investitsiyalashdan oldingi tayyorgarlik, texnik ekspertiza va iqtisodiy maqsadga muvofiqlikni baholash bo‘yicha kelishilgan yondashuvlar ehtimoliy xatarlarni oldindan aniqlash va loyihalarning moliyalashtirishni jalb etishga tayyorligini oshirish imkonini beradi.

Ikkinchidan – moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish. Milliy taraqqiyot institutlari, qo‘shma investitsiya fondlari va xalqaro moliya tashkilotlarining imkoniyatlarini muvofiqlashtirish moslashuvchan birgalikda moliyalashtirish mexanizmlarini ishlab chiqish, ishtirokchilar o‘rtasida moliyaviy xatarlarni taqsimlash hamda xususiy kapitalni jalb etish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish imkonini beradi.

Uchinchidan - qo‘shma ishlab chiqarish zanjirlarini rivojlantirish. Platforma «olti iqtisodiyot – bitta mahsulot» tamoyilini amaliyotga tatbiq etish vositalaridan biriga aylanishi mumkin. Bu agrosanoat majmuasi, yengil sanoat, qurilish materiallari ishlab chiqarish va xomashyoni qayta ishlash sohalarida sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirishga xizmat qiladi. Mamlakatlarning ishlab chiqarish, texnologik va moliyaviy imkoniyatlarini birlashtirish yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish va ularning tashqi bozorlardagi raqobatbardoshligini oshirish imkonini beradi.

Umuman olganda, Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan taklif etilgan Qoʻshma investitsiya loyihalarini moliyaviy-texnik qoʻllab-quvvatlash platformasining amaliy ijrosi mintaqa mamlakatlari oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga qoʻshimcha turtki berishi mumkin. Istiqbolda ushbu mexanizm nafaqat oʻzaro investitsiyalarni kengaytirish va qoʻshma ishlab chiqarishni rivojlantirishga, balki Markaziy Osiyo va Ozarbayjon mamlakatlarining oʻzaro bogʻliqligini mustahkamlash uchun shart-sharoit yaratishga hamda mintaqaning subyektligini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom
Savolingiz bormi? AI Maslahatchi
IICA
IICA Virtual Assistant
Onlayn