Hurmatli hamkasblar, muhtaram mehmonlar!
Sizlarni Markaziy Osiyo xalqaro institutida o‘tkazilayotgan Markaziy Osiyo – Buyuk Britaniya tahlil markazlarining birinchi forumida qutlash men uchun katta mamnuniyatdir.
Ushbu tadbirni hamkorlikda tashkil etishda ko‘rsatgan ko‘magi uchun ODI Global vakili Rebekka Nadin hamda elchi Timoti Smartga samimiy minnatdorlik bildirmoqchiman.
Shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari, Ozarbayjon va Buyuk Britaniyadan tashrif buyurgan elchilar va diplomatlar, davlat va mustaqil tahlil markazlari, xalqaro tashkilotlar, universitetlar, ishbilarmon doiralar hamda jamoat institutlari vakillaridan iborat nufuzli ishtirokchilar tarkibini qutlashdan mamnunman.
Menimcha, ushbu Forumni o‘tkazish uchun bundan-da qulay fursat bo‘lishi qiyin. Joriy yilning fevral oyida Markaziy Osiyoning beshta davlati va Buyuk Britaniya tashqi ishlar vazirlari ilk bor Londonda uchrashdilar. Mazkur uchrashuv Buyuk Britaniya bilan mintaqaviy hamkorlik uchun yangi siyosiy asos yaratdi. Ushbu hamkorlik formati hali nisbatan yangi bo‘lgani sababli, uni puxta o‘ylangan holda rivojlantirish va boshidanoq mustahkam poydevor yaratish alohida ahamiyatga ega.
Keyingi qadamimiz hukumatlar, parlamentlar, turli vazirliklar, ishbilarmon doiralar, universitetlar, tahlil markazlari va fuqarolik jamiyatini birlashtirgan holda Markaziy Osiyo va Buyuk Britaniya o‘rtasida ko‘p darajali hamkorlikni shakllantirish, istiqbolda esa ushbu sheriklikni oliy siyosiy darajaga olib chiqishdan iborat bo‘lishi lozim.
Bunday sheriklik Markaziy Osiyoda yuz berayotgan mintaqaviy transformatsiya tufayli ham imkonli bo‘ldi. Bugun mintaqamiz endi faqat tashqarida ishlab chiqilgan tashabbuslarga munosabat bildirish bilan cheklanib qolmayapti. Markaziy Osiyo davlatlari o‘z ustuvor yo‘nalishlarini tobora faolroq belgilamoqda, mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlamoqda va xalqaro sherikliklarini diversifikatsiya qilmoqda.
Hurmatli ishtirokchilar!
Bugungi kun tartibidan o‘rin olgan to‘rtta sessiya turli yo‘nalishlarga bag‘ishlangan bo‘lsa-da, ularni yagona strategik savol birlashtiradi: ortib borayotgan siyosiy qiziqishni qanday qilib samarali faoliyat yurituvchi institutlar, investitsiya jalb qilishga tayyor loyihalar va barqaror sherikliklarga aylantirish mumkin?
Birinchi sessiyamiz Yevroosiyo bog‘liqligi masalalariga bag‘ishlanadi. O‘rta yo‘lakning strategik ahamiyati allaqachon keng e’tirof etilgan. Endilikdagi vazifa uning ishonchliligi, tijoriy jihatdan hayotiyligi va institutsional muvofiqlashtirilganligini ta’minlashdan iborat. Asosiy savol – Markaziy Osiyo va Ozarbayjon alohida milliy transport tizimlarini boshqarishdan integratsiyalashgan iqtisodiy yo‘lakni shakllantirishga qanday o‘tishi mumkin va Buyuk Britaniya ushbu transformatsiyani qo‘llab-quvvatlashda qanday amaliy rol o‘ynay oladi?
Shu bilan birga, biror-bir yo‘nalishdagi uzilishlar mintaqaviy savdo oqimlariga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydigan diversifikatsiyalashgan tarmoqni shakllantirishimiz zarur. Global siyosatdagi so‘nggi o‘zgarishlar faqat jismoniy infratuzilmaning o‘zi yetarli emasligini ham ko‘rsatmoqda: o‘zgarib borayotgan geosiyosiy sharoitda transport yo‘lagi moliyalashtirish uchun jozibador, sug‘urtalanadigan va undan qonuniy foydalanish mumkin bo‘lgan yo‘nalish sifatida qolishi lozim.
Ikkinchi sessiya muhim minerallarga bag‘ishlanadi. Asosiy masala – Buyuk Britaniyaning ishonchli va diversifikatsiyalashgan ta’minot zanjirlariga bo‘lgan ehtiyojini Markaziy Osiyoning xomashyo eksportidan tashqariga chiqishga bo‘lgan intilishi bilan qanday uyg‘unlashtirish mumkinligidir. Mintaqaga investitsiyalar va texnologiyalarni jalb etadigan, mas’uliyatli standartlarni joriy qiladigan, shu bilan birga, mahalliy qayta ishlash, malakali ish o‘rinlarini yaratish va uzoq muddatli sanoat taraqqiyotini qo‘llab-quvvatlaydigan sheriklik modeli qanday bo‘lishi kerakligini ko‘rib chiqishimiz lozim.
Bugungi kunda muhim minerallar texnologik va sanoat ustunligi uchun kengroq raqobatning bir qismiga aylanayotgani tufayli ushbu masala yanada katta ahamiyat kasb etmoqda. AQSH yetakchiligidagi Pax Silica platformasi va Xitoyning Sun’iy intellekt sohasida hamkorlik bo‘yicha jahon tashkiloti kabi shakllanayotgan tashabbuslar mineral resurslardan foydalanish imkoniyatini yarimo‘tkazgichlar, sun’iy intellekt va ilg‘or ishlab chiqarish bilan tobora yaqinroq bog‘lamoqda. Markaziy Osiyo davlatlari oldidagi vazifa – eksklyuziv texnologik yoki geosiyosiy bloklarga tortilib ketmagan holda barcha yirik sheriklar bilan hamkorlikdan manfaat ko‘rishdir.
Uchinchi sessiyamiz investorlar ishonchiga bag‘ishlanadi. Investitsiya qarorlari nafaqat mavjud imkoniyatlar va imtiyozlarga, balki institutlar, qoidalar hamda ularning izchil qo‘llanilishiga bo‘lgan ishonchga ham bog‘liq. Strategik savol shundan iboratki, Markaziy Osiyo mamlakatlari komplayens va moliyaviy hamkorlikni mustahkamlagan holda qanday qilib yangi mintaqaviy investitsiya muhitini yarata oladi?
Shu nuqtayi nazardan, ingliz umumiy huquqi asosida faoliyat yurituvchi yangi tashkil etilayotgan Toshkent xalqaro moliya markazi va allaqachon faoliyat yuritayotgan “Astana” xalqaro moliya markazi bir-birini to‘ldiruvchi mintaqaviy platformalar sifatida hamkorlik qilish salohiyatiga ega. O‘zaro muvofiq standartlarni ilgari surish, tajriba almashish va London Siti bilan institutsional aloqalarni mustahkamlash orqali ular Markaziy Osiyo biznesi va loyihalarini xalqaro kapital, yuridik xizmatlar va moliyaviy ekspertiza bilan bog‘lovchi ko‘prik vazifasini bajarishi mumkin.
To‘rtinchi sessiya ta’lim, kasbiy ko‘nikmalar va xavfsiz mehnat mobilligi masalalariga bag‘ishlanadi. Buyuk Britaniya universitetlari O‘zbekistonda allaqachon keng faoliyat yuritmoqda va bugun ushbu ta’lim muassasalarining vakillari oramizda ishtirok etmoqda. Oksford universitetida o‘zbek va eski o‘zbek tillarini o‘rganish dasturlarining yo‘lga qo‘yilishi ushbu almashinuv tobora ikki tomonlama tus olayotganini ko‘rsatadi. Endilikdagi vazifamiz – ta’lim va mobillikni umumiy taraqqiyot manbaiga aylantirish, shuningdek, qo‘shma tadqiqotlar, ekspertlar almashinuvi va barqaror institutsional aloqalar orqali Buyuk Britaniyaning jahonda e’tirof etilgan universitetlari va tahlil markazlari bilan sheriklikni yanada mustahkamlashdan iborat.
Hurmatli hamkasblar!
Ushbu savollarga biror-bir hukumat yoki muassasa yakka holda javob bera olmaydi. Aynan shu sababli mazkur Forum diplomatlar, tadqiqotchilar, investorlar, amaliyotchilar va xalqaro tashkilotlar vakillarini bir joyga to‘plamoqda.
Umid qilamanki, ushbu birinchi uchrashuv Markaziy Osiyo va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi muntazam ekspertlik muloqotiga, shuningdek, bu yerda ishtirok etayotgan muassasalar o‘rtasida barqaror hamkorlik tarmog‘ini shakllantirishga asos soladi.
Sizlarga samarali muhokamalar, mazmunli fikr almashuvlar va bugungi Forum ishida ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.
E’tiboringiz uchun rahmat.