Suhbat davomida mintaqaviy va xalqaro kun tartibining dolzarb masalalari, jumladan, global savdo yo‘nalishlarining o‘zgarishi, energetika xavfsizligi, transport bog‘liqligi hamda davom etayotgan inqirozlarning Markaziy Osiyo iqtisodiy barqarorligiga ta’siri yuzasidan fikr almashildi.
J. Vaxabov bugungi xalqaro jarayonlar Markaziy Osiyo taraqqiyotiga tobora bevosita ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidladi. Global savdo yo‘nalishlarining qayta shakllanishi, Yaqin Sharqdagi beqarorlik, energetika xavfsizligi masalalari hamda transport-logistika yo‘laklari uchun raqobatning kuchayishi mintaqa uchun yangi chaqiriqlar bilan birga tashqi iqtisodiy aloqalarni diversifikatsiya qilish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar ham yaratmoqda.
O‘z navbatida, Erik Green xalqaro noaniqlik yuqori bo‘lgan hozirgi sharoitda Markaziy Osiyo Yevrosiyodagi kengroq jarayonlarni anglash nuqtayi nazaridan tobora muhim ahamiyat kasb etayotganini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, AQSHning mintaqaviy jarayonlarda izchil ishtiroki, iqtisodiy bog‘liqlikni qo‘llab-quvvatlashi va ekspert muloqotini rivojlantirishi Vashingtonga uzoq muddatli siyosatini shakllantirishda Markaziy Osiyo davlatlari manfaatlarini yaxshiroq inobatga olish imkonini beradi.