Voqealar
29.06.2026
|
579
Javlon Vaxabov: “Markaziy Osiyo – Turkiya” formati mavjud platformalarga muqobil emas, balki amaliy kun tartibidir
Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) direktori Javlon Vaxabov Anqara shahrida Siyosat, iqtisodiyot va jamiyat tadqiqotlari jamg‘armasi (SETA) tomonidan MOXI bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Markaziy Osiyo – Turkiya: o‘zgarib borayotgan dunyoda umumiy kelajak” forumida ishtirok etdi.

Tadbirda Turkiya va Markaziy Osiyo davlatlaridan davlat tuzilmalari, diplomatik korpus, yetakchi tahlil markazlari, akademik doiralar vakillari hamda ekspertlar qatnashdi.

Ishtirokchilar o‘zgarib borayotgan xalqaro vaziyat sharoitida Markaziy Osiyo va Turkiya o‘rtasidagi strategik hamkorlikni yanada chuqurlashtirish istiqbollarini muhokama qildilar. Savdo, investitsiyalar, energetika, transport bog‘liqligi, texnologiyalar, ta’lim, madaniyat va ekspertlik muloqotini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

SETA bosh koordinatori Nebi Miş o‘z nutqida mustahkam siyosiy iroda va yetakchilar o‘rtasidagi muntazam muloqot umumiy tarixiy-madaniy yaqinlikni aniq siyosiy hamkorlikka aylantirish imkonini berganligini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, global ta’minot zanjirlari, energetika yo‘nalishlari va transport tarmoqlari qayta shakllanayotgan bir sharoitda ishonch va umumiy qadriyatlarga asoslangan sheriklik muhim strategik ustunlikka aylanmoqda.

O‘z navbatida, Javlon Vaxabov Markaziy Osiyo va Turkiya o‘rtasidagi hamkorlikning kelajagi umumiy tarix, madaniy yaqinlik va o‘zaro ishonchni aniq loyihalar, investitsiyalar hamda mintaqaviy bog‘liqlikni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarga aylantirishda ekaniligini ta’kidladi.

Shu bilan birga, “Markaziy Osiyo – Turkiya” formati mavjud platformalarga, jumladan, Turkiy davlatlar tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti hamda Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik (CAREC) dasturiga muqobil sifatida qaralmasligi lozimligi qayd etildi. Uning vazifasi iqtisodiyot, investitsiyalar, texnologiyalar, energetika, transport bog‘liqligi, ta’lim va madaniyatni qamrab oluvchi yanada aniq va amaliy kun tartibini shakllantirishdan iborat.

Shu nuqtayi nazardan, Turkiya va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi savdo hajmi 2018-yildan buyon ikki baravardan ko‘proqqa oshib, 2025-yilda $14,5 milliardga yetganligi, 2030-yilga borib esa ushbu ko‘rsatkichni $30 milliardga yetkazish maqsad qilinganligi ta’kidlandi. Turkiyaning mintaqadagi investitsiyalari 2016–2024-yillarda 2,5 baravar oshdi, turk kompaniyalari soni esa qariyb 4 mingdan 7 mingdan ortiqqa yetdi. Bu Turkiyaning Markaziy Osiyo uchun savdo, investitsiya, logistika va texnologik hamkor sifatidagi roli ortib borayotganligini aks ettiradi.

Energetika, muhim mineral resurslar va raqamli transformatsiya masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Markaziy Osiyoning energetika va xomashyo salohiyati Turkiyaning energetik xab hamda sanoat hamkori sifatidagi roli bilan uyg‘unlashishi mumkinligi qayd etildi. Bu, jumladan, yashil energetika, qayta ishlash, akkumulyator materiallari, vodorod va yangi texnologiyalar sohalaridagi loyihalarni qamrab oladi. Raqamli yo‘nalishda esa sun’iy intellekt, fintex, kiberxavfsizlik, raqamli davlat xizmatlari, agrosanoat texnologiyalari, suv tejovchi yechimlar, qo‘shma ta’lim dasturlari va raqamli kadrlar tayyorlash istiqbolli sohalar sifatida belgilandi.

Forum yakunida ishtirokchilar Markaziy Osiyo va Turkiya o‘rtasida muntazam ekspertlik muloqotini yanada rivojlantirish muhimligini ta’kidladilar. Xalqaro beqarorlik ortib borayotgan sharoitda bunday hamkorlik amaliy yechimlar ishlab chiqish, mintaqaviy bog‘liqlikni mustahkamlash hamda ishonch, o‘zaro manfaat va umumiy strategik manfaatlarga asoslangan uzoq muddatli hamkorlik kun tartibini shakllantirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom