Voqealar
28.06.2026
|
257
Javlon Vaxabov: “Markaziy Osiyoning asosiy vazifasi – iqtisodiy aloqalar va transport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish”
Vashington shahriga amaliy tashrifi doirasida Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Javlon Vaxabov Amerika tashqi siyosat kengashida tashkil etilgan davra suhbatida ishtirok etdi. Tadbir Yevrosiyodagi o‘zgarib borayotgan geosiyosiy vaziyat sharoitida Markaziy Osiyo davlatlarining ko‘p vektorli tashqi siyosati ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlandi.

Tadbirda, shuningdek, Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha ixtisoslashgan AQSHning yetakchi tahlil markazlari va ilmiy doiralari vakillari, ekspertlar hamda tadqiqotchilar ishtirok etdi.

Ishtirokchilar Markaziy Osiyo davlatlarining asosiy tashqi hamkorlar bilan sheriklik aloqalarini kengaytirish, transport bog‘liqligini rivojlantirish, energetika xavfsizligi, muhim mineral resurslar hamda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar.

J. Vaxabov Markaziy Osiyo tobora ko‘proq geografik cheklovlar nuqtayi nazaridan emas, balki Rossiya, Xitoy, Yevropa, Janubiy Osiyo va Yaqin Sharq o‘rtasidagi joylashuvini strategik moslashuvchanlik manbaiga aylantirishga intilayotgan mintaqa sifatida qaralayotganini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mintaqa oldidagi asosiy vazifa iqtisodiy aloqalar, transport yo‘laklari, energetika yo‘nalishlari va xalqaro sherikliklarni diversifikatsiya qilishdan iborat”.

Ushbu transformatsiya allaqachon amaliy mazmun kasb etayotgani qayd etildi. Markaziy Osiyo aholisi 80 million kishidan oshgan, 2017-yildan buyon mintaqa ichidagi savdo hajmi ikki baravar ortib, qariyb $11 milliardga yetgan, mintaqaning umumiy yalpi ichki mahsuloti esa 2,5 baravar o‘sib, taxminan $520 milliardni tashkil etgan. J. Vaxabov mazkur ko‘rsatkichlar mintaqaning iqtisodiy mustaqilligi ortib borayotganini hamda yanada muvofiqlashtirilgan mintaqaviy kun tartibini ilgari surishga intilishini aks ettirishini ta’kidladi.

O‘z navbatida, Amerika tashqi siyosat kengashining katta vitse-prezidenti Ilan Berman ushbu jarayonlar AQSH uchun “C5+1” doirasida siyosiy ko‘rinuvchanlikdan amaliy natijalarga o‘tish imkoniyatini yaratishini ta’kidladi. Muhokama davomida transport va logistika, energetika, yadroviy xavfsizlik, muhim mineral resurslar, raqamli infratuzilma, qishloq xo‘jaligi, ta’lim va inson kapitalini rivojlantirish istiqbolli yo‘nalishlar sifatida qayd etildi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom