Koreya Yevroosiyo tadqiqotlari assotsiatsiyasi hamda Hanshin universitetining Yevroosiyo instituti tomonidan tashkil etilgan konferensiya Koreya Respublikasi va Markaziy Osiyo mamlakatlari ekspert-akademik doiralari vakillarini mintaqalararo hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilish uchun bir maydonda jamladi.
J. Vaxabov «Ikki tomonlama munosabatlar doirasidan tashqarida: Koreya–O‘zbekiston hamkorligining mintaqaviy o‘lchovi» mavzusidagi nutqida birinchi sammit Markaziy Osiyo davlatlari mustaqilligining 35 yilligi nishonlanayotgan yilda o‘tkazilayotganining ramziy ahamiyatini ta’kidladi.
Qayd etilganidek, ushbu davr mobaynida Koreya Respublikasi mintaqa mamlakatlari bilan munosabatlarni ularning mustaqilligi, suvereniteti va milliy ustuvorliklariga hurmat asosida izchil rivojlantirib, Markaziy Osiyoning iqtisodiy modernizatsiya, texnologiyalar, ta’lim va inson kapitalini rivojlantirish sohalaridagi muhim va ishonchli hamkorlaridan biriga aylandi.
Seulning mintaqaviy yondashuvi uzoq muddatli xususiyatga ega ekaniga alohida e’tibor qaratildi. Koreya Respublikasi Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining hozirgi muntazam uchrashuvlari tizimi shakllanishidan ancha oldin, 2007-yildayoq «Koreya Respublikasi – Markaziy Osiyo» hamkorlik forumini tashkil etish tashabbusi bilan chiqqan edi. 2017-yilda Forumning doimiy Kotibiyati tuzildi, 2024-yilda ilgari surilgan «K-Silk Road» tashabbusi esa hamkorlikka qo‘shimcha strategik mazmun bag‘ishladi.
MOXI direktorining ta’kidlashicha, bo‘lajak sammit mavjud formatni shunchaki vazirlar darajasidan oliy siyosiy darajaga ko‘tarish bilan cheklanmaydi. U tubdan yangilangan mintaqaviy sharoitda o‘tkazilmoqda.
«Koreya Respublikasi bugun o‘zining birinchi sammitini o‘tkazayotgan Markaziy Osiyo Seul qariyb yigirma yil avval tizimli muloqotni boshlagan mintaqadan sezilarli darajada farq qiladi», – deya ta’kidladi J. Vaxabov.
Seulda o‘tkaziladigan sammit O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2016-yilda boshlangan Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik siyosatining o‘n yilligiga to‘g‘ri kelayotgani ham chuqur ramziy ahamiyatga ega.
So‘nggi yillarda Markaziy Osiyo davlatlari o‘zaro ishonchni sezilarli darajada mustahkamlagani, eng murakkab chegara masalalarining bir qatorini hal etgani, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirgani hamda yirik qo‘shma infratuzilma va energetika loyihalarini amalga oshirishga kirishgani qayd etildi.
J. Vaxabovning ta’kidlashicha, ushbu jarayonlar fonida «Markaziy Osiyo plyus» formatlarining roli ham sifat jihatidan o‘zgarmoqda. Bugungi kunda mintaqa qariyb 40 ta davlat va ikkita mintaqaviy tashkilotni qamrab olgan 12 ta shunday mexanizm doirasida hamkorlik qilmoqda. Ularning hissasiga jami jahon yalpi ichki mahsulotining qariyb 75 foizi to‘g‘ri keladi.
Shu bilan birga, Markaziy Osiyoning tashqi aloqalari kengayishini faqat yirik davlatlar o‘rtasidagi raqobat nuqtayi nazaridan baholamaslik lozim. Mintaqa mamlakatlari uchun bu, avvalo, strategik tanlov imkoniyatlarini kengaytirish – investitsiya va texnologiyalarni jalb etish, bozorlarni diversifikatsiya qilish, inson kapitalini rivojlantirish hamda jahon iqtisodiyotiga olib chiquvchi yangi transport yo‘laklarini yaratish demakdir.
Shu nuqtayi nazardan, texnologik va sanoat modernizatsiyasi bo‘yicha noyob tajribaga ega, shuningdek, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti hamda «Yigirmatalik guruhi»ning yetakchi iqtisodiyotlaridan biri bo‘lgan Koreya Respublikasi Markaziy Osiyo taraqqiyotining navbatdagi bosqichida muhim rol o‘ynashi mumkin.
Muhim minerallar va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega ishlab chiqarish zanjirlarini yaratish, transport va logistika, raqamli tizimlarning o‘zaro muvofiqligi, rivojlanish maqsadidagi rasmiy yordam, shuningdek, muhandislik va texnik kadrlarni tayyorlash mintaqaviy hamkorlikning eng istiqbolli yo‘nalishlari sifatida ko‘rsatib o‘tildi.
Koreyaning yarimo‘tkazgichlar, akkumulyatorlar, avtomobilsozlik va boshqa yuqori texnologiyali tarmoqlari uchun barqaror xomashyo ta’minotiga bo‘lgan manfaatlari Markaziy Osiyo mamlakatlarining xomashyoni oddiy eksport qilishdan uni chuqur qayta ishlashga o‘tish intilishlari bilan uyg‘un ekani ta’kidlandi.
Shu munosabat bilan geologik qidiruv va geologik ma’lumotlarni raqamlashtirishdan tortib, xomashyoni qayta ishlash, sertifikatlash hamda Koreya sanoat kompaniyalari bilan uzoq muddatli shartnomalar tuzishgacha bo‘lgan butun ishlab chiqarish zanjirini qamrab oluvchi model istiqbolli deb topildi.
Transport sohasida ham shunga o‘xshash mintaqaviy samaraga erishish mumkin. MOXI direktori fikricha, yangi temir yo‘llar va tranzit yo‘laklarining samaradorligi nafaqat infratuzilma qurilishiga, balki bojxona tartib-taomillari, elektron hujjat aylanishi, yuklarni kuzatish tizimlari, texnik standartlar va axborot almashinuvi tizimlarining o‘zaro muvofiqligiga ham bog‘liq bo‘ladi.
Mintaqa iqtisodiyotlari hamon yuqori transport xarajatlari, bojxona tartibga solish tizimlari va texnik standartlardagi farqlarga duch kelmoqda. Shu sababli vazifa ikki tomonlama loyihalarni mexanik ravishda barcha besh mamlakatga tatbiq etishdan emas, balki mintaqaviy muvofiqlik haqiqatan ham qo‘shimcha iqtisodiy qiymat yaratadigan sohalarni aniqlashdan iborat.
Koreyaning rivojlanish maqsadidagi rasmiy yordami ham muhim o‘rin tutishi qayd etildi. Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA), Iqtisodiy taraqqiyot va hamkorlik jamg‘armasi (EDCF) hamda Seulning boshqa vositalari tijorat moliyalashtirishi doirasidan ko‘pincha chetda qoladigan mintaqaviy integratsiya elementlarini moliyalashtirishga yanada faol jalb etilishi mumkin. Bular qatoriga texnik-iqtisodiy asoslash ishlari, raqamli tizimlar, institutsional islohotlar, mutaxassislarni tayyorlash va mintaqaviy jihatdan muvofiqlashtirilgan standartlarni ishlab chiqish kiradi.
Biroq hozirgi bosqichda mintaqaviy samara hali ham cheklanganligicha qolmoqda. 2025-yilda Koreya Respublikasi va Markaziy Osiyoning besh davlati o‘rtasidagi savdo aylanmasi ilk bor 10 milliard dollardan oshgan bo‘lsa-da, mintaqaning Seul umumiy tashqi savdosidagi ulushi hanuz 1 foizdan kam.
J. Vaxabov ta’kidlaganidek, mintaqaviy hamkorlik muvaffaqiyatli ikki tomonlama aloqalarning o‘rnini egallamasligi kerak. Uni, avvalo, iqtisodiy samaradorlik bir nechta davlatning ishtirokiga bevosita bog‘liq bo‘lgan yo‘nalishlarda rivojlantirish maqsadga muvofiq. Bular transport yo‘laklari, ishlab chiqarish va xomashyo zanjirlari, o‘zaro muvofiq raqamli va texnik tizimlar, shuningdek, ixtisoslashgan kadrlarni tayyorlashni o‘z ichiga oladi.
MOXI direktori o‘z so‘zining yakunida «Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi» birinchi sammiti qariyb yigirma yillik institutsional muloqotdan yangi bosqichga – yanada amaliy, texnologik va o‘zaro manfaatli mintaqaviy sheriklikni shakllantirishga o‘tish imkonini berishini ta’kidladi.
Markaziy Osiyoning mintaqaviy hamkorlik borasidagi o‘sib borayotgan salohiyatini Koreya Respublikasining texnologiyalari, bilimlari va tajribasi bilan uyg‘unlashtirish munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishi hamda ularning uzoq muddatli barqarorligini ta’minlashi mumkin.