Voqealar
28.06.2026
|
236
Javlon Vaxabov Sietl meriyasida uchrashuv o‘tkazdi
Sietl shahriga amaliy tashrifi doirasida Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Javlon Vaxabov Sietl shahri meri o‘rinbosari Brian Surrat bilan uchrashdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Vashington shtati o‘rtasida amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish, shuningdek, Toshkent va Sietl shaharlari o‘rtasidagi uzoq yillik birodarlik aloqalarini mustahkamlash istiqbollari muhokama qilindi. Biznes, innovatsiyalar, texnologiyalar, ta’lim, madaniyat va insonlar o‘rtasidagi aloqalar sohalaridagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi.

J. Vaxabov Sietl AQSHning innovatsiyalar, kreativ iqtisodiyot va yuqori texnologiyalar bo‘yicha yetakchi markazlaridan biri ekanini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, Toshkent va Sietl o‘rtasidagi uzoq muddatli aloqalar hududlararo hamkorlikni yangi amaliy mazmun bilan boyitish uchun mustahkam asos yaratadi. Bu, ayniqsa, O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyot, startap ekotizimi, ta’lim va texnologik sheriklikni rivojlantirishga qiziqish ortib borayotgan bir sharoitda muhim ahamiyat kasb etadi.

Sietl shahrida O‘zbekiston Bosh konsulligining ochilishi AQSHning Tinch okeani shimoli-g‘arbiy mintaqasi bilan hamkorlikni chuqurlashtirish, hududning biznes, ta’lim va madaniy doiralari bilan bevosita aloqalarni kengaytirish, shuningdek, O‘zbekiston va Vashington shtati o‘rtasidagi qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishi alohida ta’kidlandi.

O‘z navbatida, B. Surrat Sietl va Toshkent o‘rtasidagi birodarlik aloqalarini saqlash va yanada rivojlantirish muhimligini qayd etdi. U shahar ma’muriyatining O‘zbekiston bilan o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

Tomonlar muloqotni davom ettirish hamda ikki mamlakat shaharlari, institutlari va jamoalarini yanada yaqinlashtirishga qaratilgan aniq loyihalarni amalga oshirishga ko‘maklashishga tayyor ekanini bildirdilar.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom