Tadbir Gruziya strategik va xalqaro tadqiqotlar jamg‘armasi hamda Finlyandiya xalqaro munosabatlar instituti tomonidan hamkorlikda tashkil etildi.

Seminarda Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz mamlakatlari, shuningdek, AQSH, Turkiya, Estoniya va Finlyandiyadagi yetakchi tahliliy markazlarning rahbarlari va ekspertlari, jumladan, Martti Axtisaari nomidagi Finlyandiya tinchlik jamg‘armasi hamda Aleksanteri instituti vakillari qatnashdi.
Muhokamalar davomida Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, mintaqa davlatlari rahbarlarining Toshkent sammiti yakunlari, global o‘zgarishlarning ikki mintaqa rivojiga ta’siri, shuningdek, yetakchi global va mintaqaviy kuchlarning qiziqishi ortib borayotgan bir sharoitda ko‘p vektorli siyosatning ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi.

Ta’kidlanganidek, hozirgi bosqichda Markaziy Osiyo muvozanatli va pragmatik tashqi siyosatni izchil amalga oshirib, keng doiradagi hamkorlar bilan konstruktiv muloqotni yo‘lga qo‘ymoqda hamda xalqaro jarayonlardagi o‘z rolini mustahkamlab bormoqda.

Ishtirokchilar mintaqa davlatlari Rossiya bilan mustahkam iqtisodiy va gumanitar aloqalarni saqlab qolayotganini, shu bilan birga, ularning eng yirik savdo hamkoriga aylangan Xitoy, shuningdek, AQSH, Yevropa Ittifoqi, Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashi mamlakatlari, Turkiya, Eron, Hindiston, Pokiston va boshqa sheriklar bilan hamkorlikni faol kengaytirayotganini qayd etdilar.

Ekspertlar fikricha, bunday yondashuv Markaziy Osiyoning salohiyatini yanada to‘liq ro‘yobga chiqarish uchun qulay sharoit yaratadi, infratuzilmani modernizatsiya qilish, transport-logistika yo‘laklarini rivojlantirish, investitsiyalarni jalb etish, tashqi iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish hamda mintaqaning strategik mustaqilligini mustahkamlashga xizmat qiladi.