Voqealar
15.07.2026
|
308
MOXI delegatsiyasi Xokkaydo universitetining Slavyan-Yevroosiyo markaziga tashrif buyurdi
Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Javlon Vaxabov Yaponiyaga amaliy tashrifi doirasida Xokkaydo universiteti Slavyan-Yevroosiyo markazi direktori, professor Yoko Aoshima bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tomonlar Markaziy Osiyo va Yaponiya tadqiqot markazlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini, shuningdek, "Markaziy Osiyo + Yaponiya" formatidagi tahliliy markazlarning birinchi forumini tashkil etish masalalarini muhokama qildilar.

J. Vaxabov mintaqa va Yaponiya o‘rtasidagi muloqotni institutsionallashtirishda muhim bosqich bo‘lgan "Markaziy Osiyo + Yaponiya" formatidagi birinchi sammitni yuqori baholab, keng ko‘lamli yo‘nalishlar bo‘yicha kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilab berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan Markaziy Osiyo va Yaponiya tahliliy markazlarining birinchi forumini o‘tkazish tashabbusi "aql markazlari" o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishi va bo‘lajak "Markaziy Osiyo - Yaponiya" sammitiga aniq takliflar ishlab chiqishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

MOXI direktori Slavyan-Yevroosiyo markazi rahbariyatini joriy yilning kuzida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan va mintaqaviy hamkorlik, iqtisodiyot, o‘zaro bog‘liqlik, energetika transformatsiyasi va inson kapitalini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan forumda ishtirok etishga taklif qildi.

O‘z navbatida, professor Yoko Aoshima MOXI bilan hamkorlikni rivojlantirishga qiziqish bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u rahbarlik qilayotgan Markaz Yaponiyaning Markaziy Osiyo, Ozarbayjon va islom dunyosi bo‘yicha yetakchi mutaxassislarini birlashtiradi, bu esa ekspertlar hamkorligini rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratadi.

Uchrashuv yakunida tomonlar ilmiy-ekspert hamkorligini yanada rivojlantirish va yapon tadqiqotchilarining bo‘lajak tahlil markazlari forumida ishtirok etishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.

1953-yilda tashkil etilgan Xokkaydo universitetining Slavyan-Yevroosiyo markazi Yaponiyada slavyan va Yevroosiyo makonini, jumladan, Markaziy Osiyoni o‘rganish bo‘yicha yetakchi markaz hisoblanadi. Markaz Osiyoda sohaga oid ilmiy adabiyotlarning eng yirik to‘plamiga ega.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom