Muloqot davomida tomonlar O‘zbekiston–Mo‘g‘uliston munosabatlarining rivojlanishi, mintaqaviy xavfsizlikning dolzarb masalalari hamda Markaziy va Shimoli-Sharqiy Osiyo o‘rtasida ekspertlar hamkorligini kengaytirish istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.
J.Vaxabov 2024–2025-yillarda ikki davlat rahbarlarining o‘zaro tashriflari va keng qamrovli sheriklik munosabatlarining o‘rnatilishi natijasida yangi sur’at olgan ikki tomonlama hamkorlikning ijobiy rivojlanishini qayd etdi.
Ikki mamlakat tahliliy tuzilmalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirish, qo‘shma tadqiqotlar olib borish hamda O‘zbekiston–Mo‘g‘uliston munosabatlarini yanada mustahkamlash yuzasidan amaliy takliflar ishlab chiqish muhimligi ta’kidlandi.
O‘z navbatida, G. Ganxuyag Mo‘g‘ulistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlikni kengaytirishga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotganini qayd etdi.
Markaziy Osiyo xalqaro instituti va Mo‘g‘uliston Xavfsizlik tadqiqotlari milliy instituti o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar qo‘shma ekspertlik faoliyatini kengaytirish va o‘zaro hamkorlikni institutsional jihatdan yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.