Tomonlar kompaniyaning O‘zbekistonda energetika, sanoat va logistika infratuzilmasi sohalaridagi investitsiya loyihalarini amalga oshirishda ishtirok etish istiqbollarini muhokama qildilar.
Du Yunxun “San Bao” korporatsiyasi Markaziy Osiyo bozorlarida 30 yildan ortiq vaqtdan beri faoliyat yuritib kelayotgani hamda energetika va sanoat loyihalarini amalga oshirish, transport vositalarini yetkazib berish va infratuzilma obyektlarini qurish borasida katta tajribaga ega ekanini bildirdi.
Kompaniya O‘zbekistonda noyob yer metallari va ekologik toza energetika sohalarida loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdorligini bildirdi. Istiqbolli yo‘nalishlar qatorida quyosh energiyasi va biomassa asosida elektr stansiyalarini qurish belgilandi.
J.Vaxabov O‘zbekiston iqtisodiyotining jadal rivojlanishi va investitsiyaviy muhitning izchil yaxshilanib borishi xorijiy sheriklar bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar yaratishini ta’kidladi.

Ustuvor yo‘nalishlardan biri qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish bo‘lib, mamlakatimiz jalb qilingan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi bo‘yicha Markaziy Osiyoda yetakchi o‘rinni egallaydi. Xususan, 2003–2025-yillarda Markaziy Osiyoning qayta tiklanuvchi energiya manbalari sektoriga kiritilgan xorijiy investitsiyalarning umumiy hajmi qariyb 18 milliard AQSh dollarini tashkil etib, shundan 56% O‘zbekistonga to‘g‘ri keladi.
Uchrashuv yakunida mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energetika loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganish, shuningdek, logistika va sanoat infratuzilmasi sohalarida hamkorlikni rivojlantirishga doir takliflar ishlab chiqish maqsadga muvofiq deb topildi.