Tadbir Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti huzuridagi Milliy strategik tashabbuslar instituti tomonidan tashkil etilgan bo’lib, Shanxay hamkorlik tashkilotining 25 yillik yubileyiga bag‘ishlandi.

Forumda SHHTga a’zo davlatlar tahliliy markazlari rahbarlari va ilmiy doira vakillari, Qirg‘iz Respublikasi rasmiylari, shuningdek Bishkekdagi diplomatik korpus vakillari qatnashdi.

Ishtirokchilar yuqori darajadagi yalpi majlis hamda to‘rtta tematik sho’ba doirasida global beqarorlik sharoitida SHHT mintaqasining xavfsizligi va barqarorligi, iqtisodiy integratsiya va transport-raqamli bog‘liqlik, umumiy intellektual makonni shakllantirish, tog‘li hududlarni rivojlantirish, shuningdek xalqaro munosabatlar transformatsiyasi sharoitida Shanxay hamkorlik tashkiloti tahliliy markazlarining rolini muhokama qildilar.

Forumning ochilishida Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Javlon Vaxabov nutq so‘zlab, Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasidagi mintaqaviy hamkorlikning zamonaviy rivojlanish tendensiyalari hamda “SHHT plyus” formatidagi ekspertlararo hamkorlikning kengayib borayotganini ta’kidladi. Shuningdek, savdo to‘siqlarini soddalashtirish, bojxona tartib-taomillarini qisqartirish va unifikatsiya qilish, biznes vakillarini Shanxay hamkorlik tashkiloti loyihalariga faol jalb etish, shuningdek tashkilotning “Bir makon — bir yo‘l” tashabbusi maqsadlari bilan uyg‘unligini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Forum yakunlariga ko‘ra, ishtirokchilar Shanxay hamkorlik tashkilotini takomillashtirish va uning strategik salohiyatini samarali amalga oshirishga qaratilgan amaliy takliflarni ishlab chiqish hamda ekspertlar muloqotini yanada chuqurlashtirish zarurligini ta’kidladilar.