Uchrashuvda tomonlar akademik almashinuvlar sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini, shuningdek, Markaziy Osiyo va Yaponiya yosh olimlari uchun ta’lim dasturlari hamda ilmiy stajirovkalarni tashkil etish imkoniyatlarini muhokama qildi.
Sukuba universiteti gumanitar va ijtimoiy fanlar fakulteti dotsenti Sono Fumoto Markaziy Osiyo va Yaponiya o‘rtasida inson kapitalini, akademik almashinuvlar va gumanitar aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan NipCA loyihasining asosiy yo‘nalishlarini taqdimot qildi.

Stipendiyalar, ilmiy almashinuvlar, amaliyotlar, ochiq ma’ruzalar va mintaqaviy forumlarni o‘z ichiga olgan yosh mutaxassislarni tayyorlash dasturlariga alohida e’tibor qaratildi. Mazkur loyiha doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlaridan 300 dan ortiq vakil tahsil olgani, bitiruvchilar tarmog‘i esa 323 nafar mutaxassisni qamrab olgani qayd etildi.
J. Vaxabov loyiha natijalarini yuqori baholar ekan, bu ta’lim va inson kapitalini rivojlantirish sohasidagi uzoq muddatli hamkorlikning muvaffaqiyatli namunasi bo‘lganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yosh kadrlarni tayyorlash Markaziy Osiyoning Yaponiya bilan o‘zaro hamkorligining asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda.

Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni yanada rivojlantirishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar hamda ikki mamlakat akademik va ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash muhimligini alohida qayd etdilar.
Tsukuba universiteti Yaponiyaning yetakchi tadqiqot universitetlaridan biri hisoblanadi. QS World University Rankings 2026 reytingida universitet dunyoda 350-o‘rinni egalladi.
Nippon jamg‘armasi Yaponiyaning eng yirik xayriya tashkilotlaridan biri bo‘lib, 1962-yilda tashkil etilgan. Jamg‘arma ta’lim, fan, sog‘liqni saqlash, xalqaro hamkorlik va kadrlar tayyorlash sohalarida loyihalarni amalga oshirib, akademik almashinuvlarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlarning yetakchilik salohiyatini rivojlantirish va xalqaro hamjihatlikni mustahkamlashga katta e’tibor qaratadi.
2017-yil yanvar oyida Nippon jamg‘armasi ko‘magida tashkil etilgan Markaziy Osiyo va Yaponiya o‘zaro hamkorlik tarmog‘i (JACAFA) Markaziy Osiyo davlatlari ta’lim dasturlari bitiruvchilarini birlashtiradi, tarmoq mintaqa va Yaponiyaning universitetlari, tahliliy markazlari, davlat muassasalari va xususiy kompaniyalari bilan hamkorlikda inson kapitalini rivojlantirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga ko‘maklashadi.
NipCA loyihasi Nippon jamg‘armasi ko‘magida va JACAFA bilan hamkorlikda Sukuba universiteti tomonidan amalga oshirilmoqda. Loyiha Markaziy Osiyo davlatlaridan Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va mintaqaning dolzarb muammolarini hal qilishga hissa qo‘shishga qodir bo‘lgan yosh mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan.