Voqealar
30.09.2026
|
224
MOXI direktori Tojikiston Strategik tadqiqotlar markazi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi
Joriy yilning 28-sentabr kuni Xo‘jand shahrida Ikkinchi Farg‘ona tinchlik forumi doirasida Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) direktori Javlon Vaxabov Tojikiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi (STM) direktori Xayriddin Usmonzoda bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Suhbat davomida tomonlar ikki mamlakat tahliliy markazlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, shuningdek, ularning Markaziy Osiyoda tinchlik, o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash jarayonlarini ekspert jihatdan qo‘llab-quvvatlashdagi rolini muhokama qildilar.

MOXI direktori J. Vaxabov Ikkinchi Farg‘ona tinchlik forumining yuqori saviyada tashkil etilganini alohida qayd etdi. U O‘zbekiston va Tojikiston tahliliy markazlari bundan buyon ham mintaqa davlatlari rahbarlari tomonidan belgilab berilgan tinchlik, o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilik tamoyillarini ilgari surishga amaliy hissa qo‘shishi, ularni aniq ekspert tashabbuslari va takliflari bilan boyitib borishi zarurligini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda Markaziy Osiyo tobora qo‘shni mintaqalar va xalqaro ekspert hamjamiyatini bog‘lovchi makonga aylanib bormoqda. Mintaqa davlatlarining yetakchi tahliliy tuzilmalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash esa amaliy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan yangi g‘oya va tashabbuslarni ilgari surish imkonini bermoqda.

O‘z navbatida, STM direktori X. Usmonzoda MOXIning Forumdagi ishtiroki va Institut vakillarining uning munozaralariga qo‘shgan mazmunli hissasini yuqori baholadi. U ikki tahliliy tuzilma o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash hamda qo‘shma tashabbuslarni ilgari surishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.

Kelgusidagi qo‘shma faoliyatning ustuvor yo‘nalishlari sifatida savdo-iqtisodiy hamkorlik, transport bog‘liqligi, suv resurslaridan oqilona foydalanish, shuningdek, mintaqaviy kun tartibidagi boshqa dolzarb masalalar belgilab olindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar MOXI va STMning 2027-yilga mo‘ljallangan qo‘shma ish rejalari yuzasidan fikr almashib, ekspert-tahliliy hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom