Uchrashuvda "Markaziy Osiyo + Yaponiya" formatidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni, shuningdek, Markaziy Osiyo va Yaponiya ilmiy-ekspert hamjamiyatlari o‘rtasidagi akademik hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuv avvalida J.Vaxabov MOXI faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini taqdim etib, Institutning ekspertlar muloqotini rivojlantirish va "Markaziy Osiyo plyus" formatlarida ko‘p tomonlama hamkorlikni ilgari surish ishlariga alohida e’tibor qaratdi.
Shuningdek, u Yaponiyada Markaziy Osiyo bo‘yicha tadqiqotlarni rivojlantirish va ikki mintaqa o‘rtasidagi ilmiy-akademik aloqalarni mustahkamlashga YMOTAning qo‘shgan hissasini yuqori baholadi.
Ekspertlar o‘rtasidagi muloqotni yanada rivojlantirish maqsadida MOXI direktori YMOTA rahbariyatini joriy yilning kuzida Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan "Markaziy Osiyo + Yaponiya" formatidagi tahliliy markazlarning birinchi forumida ishtirok etishga taklif qildi.
Ta’kidlanganidek, ushbu tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil dekabr oyida Tokio shahrida bo‘lib o‘tgan "Markaziy Osiyo + Yaponiya" formatidagi birinchi sammitda ilgari surilgan tashabbusini rivojlantirish maqsadida o‘tkazilmoqda.
O‘z navbatida, professor O. Chika mintaqa davlatlarining izchil sa’y-harakatlari tufayli Markaziy Osiyo bugungi kunda yagona makon sifatida tobora ishonch bilan qaror topib, xalqaro kun tartibida muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.

Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida forumga tayyorgarlik ko‘rish va ilmiy-ekspert hamkorligini kengaytirishda o‘zaro hamkorlikni davom ettirishdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.
Yaponiya Markaziy Osiyo tadqiqotlari assotsiatsiyasi (YMOTA) 2004-yilda Markaziy Osiyoni o‘rganuvchi turli ilmiy yo‘nalishdagi tadqiqotchilar va aspirantlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik va almashinuvni rag‘batlantirish maqsadida tashkil etilgan akademik birlashma hisoblanadi. Assotsiatsiya 150 ga yaqin a’zoni, jumladan, olimlar, o‘qituvchilar va yosh tadqiqotchilarni birlashtiradi.