Tadbir Fridrix Ebert nomidagi jamg‘armaning Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi tomonidan tashkil etildi va mintaqa mamlakatlarining yetakchi tahliliy, tadqiqot va ta’lim tuzilmalari vakillarini birlashtirdi.
Seminar davomida ishtirokchilar muhim mineral resurslar sohasini rivojlantirish istiqbollari, investitsiyalar va texnologiyalarni jalb etish, qayta ishlashni kengaytirish masalalari, shuningdek, mintaqaviy hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Ekspertlar mintaqaning mineral-xomashyo salohiyatiga bo‘lgan xalqaro qiziqish ortib borayotganini ta’kidladilar. Yetakchi iqtisodiyotlarning strategik xomashyo manbalarini diversifikatsiya qilishga intilishi fonida Yevropa Ittifoqi, AQSH, Yaponiya, Xitoy va boshqa tashqi hamkorlar bu sohadagi faollikni oshirmoqda.

Mintaqa davlatlarining qayta ishlashni rivojlantirish va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega ishlab chiqarishlarni tashkil etishdan manfaatdorligiga alohida e’tibor qaratildi. Muhim minerallarni o‘zlashtirish texnologik modernizatsiya, yangi ishlab chiqarishlarni rivojlantirish va sanoat kooperatsiyasi imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Shu nuqtayi nazardan, ishtirokchilar mintaqaviy ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirish istiqbollarini ko‘rib chiqdilar. Qayd etilishicha, qazib olish va qayta ishlashdan tortib murakkabroq mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan alohida bosqichlar har bir mamlakatning resurs bazasi, infratuzilmasi va ixtisoslashuvini hisobga olgan holda rivojlanishi mumkin.
Ishtirokchilar tog‘-kon loyihalarini amalga oshirishning ekologik va ijtimoiy jihatlariga alohida e’tibor qaratdilar.
Seminar yakunida muhim minerallar sohasida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amaliy yondashuvlarni ishlab chiqish maqsadida mintaqa mamlakatlarining tegishli tuzilmalari o‘rtasida ekspertlar hamkorligini davom ettirish va yanada yaqin muvofiqlashtirish zarurligi ta’kidlandi.