Tadbir JIDU dasturiy akkreditatsiyasi doirasida bo‘lib o‘tdi. Muhokamalar markazida o‘quv kurslarining mazmuni, olinayotgan bilimlarning amaliyotda qo‘llanilishi, ishga joylashuv imkoniyatlari hamda ta’lim jarayonining zamonaviy talablarga mosligi kabi masalalar o‘rin oldi.
Suhbat davomida MOXI direktori Javlon Vaxabov JIDUning xalqaro siyosat, ilmiy tadqiqot va ekspert-tahlil sohalari uchun yangi avlod mutaxassislarini shakllantirishga qo‘shayotgan hissasini yuqori baholadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, universitet talabalari keng dunyoqarashi, zukkoligi, xorijiy tillarni puxta egallagani va xalqaro kun tartibini yaxshi bilishi bilan ajralib turadi. Ular siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy jarayonlarning o‘zaro bog‘liqligini tushunishini namoyon etadi.

Strategik tahlil va prognozlash, rasmiy manbalar bilan mustaqil ishlash, katta hajmdagi ma’lumotlarni qayta ishlash hamda tahliliy materiallar tayyorlash ko‘nikmalariga alohida e’tibor qaratildi.
Strategik tahlil va prognozlash, rasmiy manbalar bilan mustaqil ishlash, katta hajmdagi ma’lumotlarni qayta ishlash hamda tahliliy materiallar tayyorlash ko‘nikmalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shu bilan birga, J. Vaxabov MOXI va JIDU o‘rtasidagi yaqin hamkorlikni ta’kidladi. Institut ilmiy jamoasining salmoqli qismini tadqiqot va ekspert-tahlil sohalarida muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan ushbu universitet bitiruvchilari tashkil etadi.

MOXIning yetakchi ilmiy xodimlari, avvalroq JIDUni tamomlagan Kallibek Kamalov va Nodir Abdusattorov komissiya bilan o‘z amaliy kuzatuvlarini o‘rtoqlashdilar.
Kamalov JIDUda xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan amalga oshirilayotgan akademik almashinuv dasturlari haqida so‘zlab berdi. Uning fikricha, bu dasturlarda ishtirok etish talabalarga yangi ta’lim yondashuvlari bilan tanishish, til ko‘nikmalarini takomillashtirish, turli ish formatlariga moslashish va kasbiy aloqalarni kengaytirish imkonini beradi.
Abdusattorov Universitet talabalarga mamlakatimiz vazirlik va idoralari, ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda ixtisoslashtirilgan tahliliy markazlarda amaliyot o‘tashlari uchun yaratayotgan imkoniyatlarga to‘xtalib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday amaliyot hali o‘qish davridayoq soha tashkilotlari faoliyatiga chuqur kirib borish, nazariy bilimlarni aniq vazifalarni hal etishda qo‘llash va bo‘lajak kasb talablarini yaxshiroq tushunishga yordam beradi.

Uchrashuv yakunida ekspertlar guruhi JIDUda mutaxassislarni tayyorlash sifati bo‘yicha professional hamjamiyat va universitet bitiruvchilari nuqtayi nazaridan, shuningdek, ta’lim dasturlarini yanada rivojlantirish istiqbollari haqida tasavvurga ega bo‘ldi.
ACQUIN - akkreditatsiya va oliy ta’lim sifatini ta’minlashga ixtisoslashgan mustaqil nemis notijorat agentligi. Uning ekspertlari dasturlar mazmuni, o‘qituvchilar malakasi, erishilgan natijalar va ichki nazorat mexanizmlarini tahlil qiladi. Jarayondan o‘tish o‘quv jarayonini yanada takomillashtirishga, dasturlarning xalqaro qiyosiyligini oshirishga va JIDUning jahon ta’lim makonidagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qiladi.