Voqealar
27.05.2026
|
321
MOXI "Markaziy Osiyo-Xitoy" inson huquqlarini rivojlantirish forumida ishtirok etdi
Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) xodimlari "Yuqori sifatli rivojlanish orqali inson huquqlari sohasidagi taraqqiyotni birgalikda rag‘batlantirish” mavzusidagi "Markaziy Osiyo - Xitoy" inson huquqlarini rivojlantirish bo‘yicha to‘rtinchi forumida ishtirok etdi.

Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Xitoy Inson huquqlarini rivojlantirish jamg‘armasi bilan hamkorlikda BMT Rivojlanish huquqi to‘g‘risidagi deklaratsiyasi qabul qilinganining 40 yilligi va Global rivojlanish tashabbusining 5 yilligi arafasida tashkil etildi.

Forum ishtirokchilari Markaziy Osiyo mamlakatlari va Xitoyning inson huquqlari sohasidagi yutuqlarini muhokama qilib, mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar. Shuningdek, kambag‘allikni bartaraf etish va aholi farovonligini oshirish bo‘yicha innovatsion yondashuvlarni joriy etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.

MOXI direktori Javlon Vaxabov ochilish marosimida so‘zga chiqib O‘zbekistonda inson huquqlari sohasini rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish orqali aholi turmush sifatini yaxshilash bilan bevosita bog‘liqligini ta’kidladi.

Inson huquqlari bo‘yicha Xitoy taraqqiyot jamg‘armasi boshqaruvi raisi o‘rinbosari va bosh kotibi Li Xunkuy "Yangi O‘zbekiston"ni barpo etish doirasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholab, ularning iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish va fuqarolar turmush darajasini oshirishdagi muhim o‘rnini qayd etdi.  

O‘zbekiston va Xitoy inson huquqlari sohasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va ularni himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish, shuningdek, ushbu sohada ma’rifiy faoliyatni, kadrlar tayyorlash va qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazishni faol davom ettirishiga ishonch bildirildi.

Xitoyning O‘zbekistondagi elchisi Yuy Szyun Xitoyning mintaqadagi tashqi siyosiy strategiyasining asosiy yo‘nalishlarini belgilab berdi. Xitoy va Markaziy Osiyoni chuqur tarixiy, madaniy va geografik aloqalar bog‘lab turganligini ta’kidladi.

Forumda kambag‘allikni qisqartirish, aholi farovonligini oshirish, ekologik xavfsizlik, "yashil" taraqqiyot va raqamli texnologiyalarni joriy etish masalalariga bag‘ishlangan uchta sessiy bo‘lib o‘tdi.

Muhokamalar davomida ishtirokchilar mintaqada jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning xalqaro tajribasi va inson huquqlari sohasidagi ilg‘or tajribalarni joriy etish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashdilar.

Forum yakunida inson huquqlari sohasini rivojlantirish, shuningdek, tadqiqot yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish sohasida Markaziy Osiyo va Xitoy o‘rtasidagi kelgusidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini belgilab beruvchi yakuniy hujjat - "Toshkent tashabbusi" qabul qilindi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom