Tadbirda Turkiy davlatlar tashkilotiga (TDT) aʼzo davlatlarning davlat tuzilmalari, ilmiy-ekspert hamjamiyati, ishbilarmon doiralari va ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Konferensiyada turkiy davlatlarning zamonaviy xalqaro jarayonlardagi oʻrni, transport va energetika aloqalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, savdo-iqtisodiy, ilmiy va madaniy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari koʻrib chiqildi.

Forum doirasida Oʻzbekiston Respublikasining Turkiyadagi elchixonasi «Mirziyoyev doktrinasi: global beqarorlik davridagi imkoniyatlar diplomatiyasi» kitobining taqdimotini ham tashkil etdi. Kitob «Yangi Oʻzbekiston» taraqqiyot modeli va mamlakatning tashqi siyosat strategiyasiga bagʻishlangan.
Sh. Fayziyev oʻz nutqida TDT koʻp tomonlama hamkorlikni mustahkamlash uchun muhim maydon ekanini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, tashkilot aʼzolari oʻrtasida savdo-iqtisodiy, transport, energetika, ilmiy-texnologik va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni kengaytirish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar ochadi.

TDT doirasida ilmiy-tadqiqot hamkorligini rivojlantirish muhimligiga alohida eʼtibor qaratildi. Bunga tahliliy markazlar oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, qoʻshma tadqiqotlar tayyorlash va ekspert tadbirlarini oʻtkazish kiradi.
Taʼkidlanganidek, bu yoʻnalishdagi barqaror hamkorlik sari muhim qadam birinchi «Markaziy Osiyo – Turkiya» tahliliy markazlar forumi boʻldi. Forum joriy yil iyun oyida Anqarada MOXI tomonidan Siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy tadqiqotlar jamgʻarmasi (SETA) bilan hamkorlikda oʻtkazildi.