Uchrashuvda MOXI va Atlantika kengashi o‘rtasidagi institutsional aloqalarni mustahkamlash istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, Markaziy Osiyo va kengroq Yevrosiyo kun tartibi bo‘yicha qo‘shma tadqiqotlar, ekspert maslahatlashuvlari, nashrlar, davra suhbatlari va boshqa tadbirlarni tashkil etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
- VaxabovAQSHning Markaziy Osiyoga e’tibori ortib borayotgan bir sharoitda ekspert muloqotini rivojlantirish alohida ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, bunday muloqot rasmiy siyosiy aloqalarni amaliy tahlil, g‘oyalar almashuvi va aniq takliflar ishlab chiqish orqali mazmunan boyitishi mumkin. O‘zbekiston va AQSHning yetakchi tahlil markazlari o‘rtasidagi hamkorlik ikki mamlakat munosabatlariga yanada barqaror intellektual va institutsional asos yaratishga xizmat qiladi.
O‘z navbatida, elchi John Xerbst Markaziy Osiyo bilan ekspertlar darajasidagi hamkorlikni yanada faollashtirish muhimligini ta’kidlab, Atlantika kengashi va MOXI o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Tomonlar Vashington va Toshkentda qo‘shma tadbirlar o‘tkazish, ekspertlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, tahliliy materiallar tayyorlash, shuningdek, yosh tadqiqotchilar uchun stajirovka imkoniyatlarini yaratish masalalariga ham alohida e’tibor qaratdilar. Bunday formatlar Markaziy Osiyoda kechayotgan transformatsiya jarayonlari va mintaqaning AQSH bilan munosabatlardagi o‘rnini chuqurroq anglashga xizmat qilishi qayd etildi.