Voqealar
25.07.2026
|
182
MOXI va CAREC instituti o‘rtasida O‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi
Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) direktori Javlon Vaxabov Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoniga amaliy tashrif doirasida Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik (CAREC) instituti direktori Charimuhammet Shalliyev bilan uchrashdi.

Muzokaralar davomida tomonlar mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalari, Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanish istiqbollari hamda ushbu jarayonda ilmiy-tadqiqot va tahliliy muassasalarning ortib borayotgan roli yuzasidan fikr almashdilar.

J.Vaxabov O‘zbekistonda iqtisodiyotni liberallashtirish, investorlar uchun qulay muhit yaratish, global qo‘shilgan qiymat zanjirlaridagi ishtirokni kengaytirish hamda aholi turmush sifatini oshirishga qaratilgan islohotlarni amalga oshirishga muhim ahamiyat berilayotganligini ta’kidladi.

Ushbu o‘zgarishlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishiga xalqaro moliya institutlari, jumladan, Osiyo taraqqiyot banki (OTB), shuningdek, uning ko‘magida amalga oshirilayotgan CAREC dasturi salmoqli hissa qo‘shmoqda. Mazkur dastur ishtirokchi mamlakatlarni modernizatsiya qilish va ularning iqtisodiy salohiyatini kengaytirishda muhim o‘rin tutadi.

Samarqandda bo‘lib o‘tgan OTB Boshqaruvchilar kengashining 59- yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston va OTB o‘rtasida zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish, inson kapitalini mustahkamlash va kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan 12 milliard AQSh dollarlik yangi dastur imzolanganligi hamkorlikni chuqurlashtirishdagi muhim qadam sifatida qayd etildi.

Ch.Shalliyev CAREC instituti CAREC Dasturiga a’zo davlatlarning yetakchi tahlil markazlari ilmiy salohiyatini birlashtirishga alohida ahamiyat berishini ta’kidladi. Bu umumiy vazifalarni hal etish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan yondashuvlarni ishlab chiqish imkonini beradi. Shu nuqtai nazardan u CAREC institutning MOXI bilan hamkorligini yuqori baholab, uning amaliy natijalaridan biri sifatida Urumchida barqaror rivojlanish va kambag‘allikni qisqartirish masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazilganligini qayd etdi.

Suhbat davomida ilmiy tadqiqotlar, ekspertlar almashinuvi va tahliliy materiallar tayyorlash sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi. Sun’iy intellekt, yashil moliyalashtirish, qayta tiklanuvchi energetika va inson kapitalini rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilandi.

Uchrashuv yakunida MOXI va CAREC instituti o‘rtasida qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish hamda umumiy tashabbuslarni ilgari surish uchun asos yaratadigan O‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom