Voqealar
24.10.2026
|
562
MOXI va Chintan Research Foundation ekspertlar muloqotini kengaytirish bo‘yicha yangi tashabbuslarni muhokama qildi
Joriy yilning 6-oktabr kuni Nyu-Dehli shahrida Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) direktori o‘rinbosari Sherzod Fayziyev Hindistonning Chintan Research Foundation (CRF) tadqiqot fondi prezidenti Shishir Priyadarshi bilan uchrashdi. Muzokaralarda O‘zbekiston Respublikasining Hindistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Sardor Rustamboyev ham ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida tahliliy markazlar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish, qo‘shma tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, savdo, investitsiyalar, energetika, transport o‘zaro bog‘liqligi va mintaqaviy rivojlanish masalalari bo‘yicha ekspertlar ishtirokida tadbirlar tashkil etish istiqbollari muhokama qilindi.

Sh. Fayziyev Hindiston tomoniga Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikning rivojlanishi hamda yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash borasida erishilayotgan natijalar haqida ma’lumot berdi. Shu nuqtayi nazardan, “Markaziy Osiyo – Hindiston” formatidagi muloqotni yanada faollashtirish muhimligini qayd etdi. Markaziy Osiyo davlatlarining Hindiston bilan aloqalarini yangi mazmun bilan boyitish va o‘zaro munosabatlarni chuqurlashtirishda tizimli ekspert-tahliliy ko‘mak muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

O‘z navbatida, Sh. Priyadarshi Markaziy Osiyo Hindiston tashqi siyosiy strategiyasida muhim o‘rin egallashini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, ushbu mintaqa bilan aloqalarni rivojlantirish CRF tadqiqot faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shuningdek, u Markaziy Osiyo davlatlari va Hindiston o‘rtasida hali to‘liq ro‘yobga chiqarilmagan katta salohiyat mavjudligiga e’tibor qaratib, o‘zaro aloqalarni kengaytirishga xizmat qiluvchi qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar muntazam aloqalarni davom ettirish hamda istiqbolli qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish bo‘yicha amaliy ishlarni boshlashga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.

Chintan Research Foundation (CRF) – Hindistonning 2024-yilda tashkil etilgan tahliliy markazi. Geosiyosat, strategik tadqiqotlar, iqtisodiyot va savdo, iqlim o‘zgarishi hamda energetika sohasidagi transformatsiya masalalariga ixtisoslashgan.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom
Savolingiz bormi? AI Maslahatchi
IICA AI
IICA Virtual Assistant
Onlayn