Voqealar
26.10.2026
|
515
MOXI va Hindiston xalqaro ishlar kengashi memorandum ijrosi bo‘yicha navbatdagi qadamlarni muhokama qildi
Nyu-Dehli shahrida Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) direktori o‘rinbosari Sherzod Fayziyev Hindiston xalqaro ishlar kengashi (Indian Council of World Affairs, ICWA) kotibi, doktor Sushil Kumar bilan uchrashdi.

Uchrashuv davomida Hindiston va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi savdo-investitsiya aloqalari, transport o‘zaro bog‘liqligi, ta’lim va raqamli texnologiyalar sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, 2025-yil sentabr oyida MOXI va ICWA o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumini amaliyotga tatbiq etish masalalari ko‘rib chiqildi.

Sh. Fayziyev Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarining mustahkamlanishi va mintaqaviy hamkorlikning izchil rivojlanishi Hindiston bilan aloqalarni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratayotganini ta’kidladi. Shu nuqtayi nazardan, u “Markaziy Osiyo – Hindiston” formati doirasida ekspertlar muloqotini yanada faollashtirish muhimligiga alohida e’tibor qaratdi.

O‘z navbatida, S. Kumar ICWAning MOXI bilan muntazam aloqalarni kengaytirishdan manfaatdor ekanini bildirdi. Xususan, o‘zaro tashriflarni tashkil etish, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari va Hindistonning tahliliy markazlari ishtirokida qo‘shma tadqiqot loyihalarini amalga oshirish istiqbollariga e’tibor qaratdi.

Muzokaralarda ta’lim sohasidagi aloqalarni rivojlantirish masalalariga ham alohida o‘rin ajratildi. Jumladan, akademik mobillikni kengaytirish, kadrlar tayyorlash, shuningdek, axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt sohalarida Hindiston tajribasidan foydalanish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Hindiston xalqaro ishlar kengashi (ICWA) – 1943-yilda tashkil etilgan tahliliy markaz. 2001-yilda Hindiston parlamenti tomonidan qabul qilingan qonunga muvofiq, milliy ahamiyatga molik muassasa maqomiga ega. Kengash tashqi siyosat va xalqaro munosabatlar masalalari bo‘yicha tadqiqotlar olib boradi, “India Quarterly” jurnali hamda “Sapru House Papers” tahliliy nashrlar turkumini chop etadi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom
Savolingiz bormi? AI Maslahatchi
IICA AI
IICA Virtual Assistant
Onlayn