Voqealar
28.06.2026
|
216
MOXI va Jorjtaun universiteti o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda
Vashington shahriga amaliy tashrifi doirasida Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Javlon Vaxabov Jorjtaun universiteti qo’shidagi Yevrosiyo, Rossiya va Sharqiy Yevropa tadqiqotlari markazi (CERES) direktori, professor Michael David-Fox bilan uchrashdi.

Uchrashuvda MOXI va CERES o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, qo‘shma ekspert tadbirlarini tashkil etish, tahliliy materiallar tayyorlash, akademik almashinuvlarni yo‘lga qo‘yish hamda O‘zbekiston va AQSH tadqiqot doiralari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Vaxabov Markaziy Osiyo xalqaro siyosatda tobora muhim mustaqil omil sifatida namoyon bo‘layotganini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, mintaqani faqat kengroq Yevrosiyo jarayonlari nuqtayi nazaridan emas, balki o‘z ustuvor yo‘nalishlari, kun tartibi va intellektual ovoziga ega hudud sifatida ham ko‘rib chiqish zarur. Shu munosabat bilan Amerika akademik va ekspert doiralarida Markaziy Osiyoda kechayotgan transformatsiya jarayonlarini yanada chuqur va muvozanatli tushunishni rivojlantirish muhim ekani qayd etildi.

Mintaqaviy hamkorlik, AQSHning Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlari, transport bog‘liqligi, Afg‘oniston, migratsiya, suv va iqlim xavfsizligi, shuningdek, Yevrosiyodagi o‘zgarib borayotgan geosiyosiy vaziyat masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Qo‘shma tadqiqotlar va ekspert muhokamalari Toshkent va Vashington qarashlarini uyg‘unlashtirish hamda ikki tomonlama muloqotga yanada amaliy mazmun berishga xizmat qilishi mumkinligi ta’kidlandi.

O‘z navbatida, professor Michael David-Fox MOXI va CERES o‘rtasida muntazam hamkorlik kanalini shakllantirishdan manfaatdor ekanini bildirdi. Kelgusidagi ishlarning istiqbolli yo‘nalishlari sifatida davra suhbatlari, mehmon ma’ruzalari, tadqiqot maslahatlashuvlari, shuningdek, Markaziy Osiyoni o‘rganayotgan yosh ekspertlar va talabalarni qo‘llab-quvvatlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom