Voqealar
03.11.2026
|
481
MOXI va Rossiya ekspertlari strategik rejalashtirishning zamonaviy yondashuvlarini muhokama qildilar
Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) Rossiyaning “Uchinchi Rim” tarmoqlararo ekspertiza markazi (TRIM) bilan hamkorlikda “Strategik rejalashtirishning zamonaviy yondashuvlari: O‘zbekiston va Rossiya tajribasi” mavzusida onlayn seminar o‘tkazdi.

Tadbirda MOXI va TRIM rahbariyati hamda ekspertlari, shuningdek, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi vakillari ishtirok etdilar.

Seminar davomida tomonlar uzoq muddatli davlat strategiyalarini ishlab chiqish va amalga oshirish borasida tajriba almashib, strategik ustuvor yo‘nalishlarni muvofiqlashtirish, belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish jarayonini monitoring qilish hamda olib borilayotgan islohotlar samaradorligini baholash mexanizmlarini muhokama qildilar.

Tadbirni ochar ekan, MOXI direktorining o‘rinbosari Sherzod Fayziyev “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar sharoitida strategik rejalashtirish tizimini takomillashtirish dolzarb ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi. Davlat boshqaruvi samaradorligini oshirishda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida amaliy tajriba almashishning muhim o‘rniga alohida e’tibor qaratildi.

O‘z navbatida, TRIM direktori Natalya Stapran ikki tashkilot o‘rtasidagi ekspertlik hamkorligi izchil rivojlanib borayotganini qayd etib, tahliliy yondashuvlar va strategik boshqaruv amaliyoti bo‘yicha o‘zaro tajriba almashishni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

Ekspertlar chiqishlari doirasida TRIMning “Samarali davlat” yo‘nalishi rahbari Anastasiya Kim Rossiyaning milliy taraqqiyot maqsadlarini amalga oshirish borasidagi tajribasi, jumladan, idoralararo muvofiqlashtirish, hududiy rejalashtirish hamda davlat dasturlari natijalarini mustaqil baholash mexanizmlari haqida ma’lumot berdi. Strategik rejalashtirishning moslashuvchanligini ta’minlash, inson kapitalini rivojlantirish va manzilli ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralarini takomillashtirish zarurligiga alohida urg‘u berildi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi direktori Eldor Tulyakov va Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi direktori o‘rinbosari Abdulla Abduqodirov ishtirokchilarni “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish tajribasi, davlat dasturlarini ishlab chiqishda jamoatchilik va ekspertlar ishtirokini ta’minlash mexanizmlari, shuningdek, strategik ko‘rsatkichlarni monitoring qilishning yagona tizimini shakllantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishtirdilar. Uzoq muddatli taraqqiyot ustuvorliklarini islohotlarning aniq natijalari va aholi ehtiyojlari bilan uzviy bog‘lash muhimligi ta’kidlandi.

Seminar yakunida ishtirokchilar muntazam ekspertlar muloqotini davom ettirish, strategik rejalashtirish va monitoring metodologiyalari bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish, shuningdek, uzoq muddatli ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish masalalari yuzasidan qo‘shma tadqiqotlarni kengaytirishga qiziqish bildirdilar.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom
Savolingiz bormi? AI Maslahatchi
IICA AI
IICA Virtual Assistant
Onlayn