Tadbir Markaziy Osiyodagi zamonaviy mintaqaviy jarayonlar, mintaqaning xalqaro mavqeyidagi o‘zgarishlar, shuningdek, O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida akademik hamda ekspertlar darajasidagi hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlariga bag‘ishlandi.
Muhokamada Yevrosiyo, xalqaro munosabatlar, mintaqaviy xavfsizlik va Markaziy Osiyodagi transformatsiya jarayonlarini o‘rganayotgan professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar, talabalar va ekspertlar ishtirok etdi.
Fikr almashuv davomida mintaqaviy hamkorlik, Markaziy Osiyo davlatlarining tashqi siyosiy diversifikatsiyasi, transport bog‘liqligi, suv va iqlim xavfsizligi, Afg‘oniston, migratsiya, ta’lim, shuningdek, mintaqada kechayotgan jarayonlarni chuqurroq anglashda universitetlar va tahlil markazlarining roli muhokama qilindi.
J. Vaxabov O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida barqaror munosabatlarni rivojlantirish nafaqat siyosiy muloqot va iqtisodiy loyihalarni, balki mustahkam akademik asosni ham talab etishini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, universitetlar, tadqiqot markazlari va yosh mutaxassislar mintaqa haqida uzoq muddatli tasavvurni shakllantirish, Markaziy Osiyo haqidagi eskirgan qarashlarni yengib o‘tish hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi yanada mazmunli hamkorlik uchun intellektual asos yaratishda muhim o‘rin tutadi.

O‘z navbatida, Vashington universiteti huzuridagi Yevropa, Rossiya va Yevrosiyo tadqiqotlari markazi direktori Guntis Shmidchens AQSH akademik hamjamiyatida Markaziy Osiyo va mintaqada kechayotgan zamonaviy jarayonlarga qiziqish ortib borayotganini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, O‘zbekiston Yevrosiyodagi siyosiy, tarixiy, madaniy va ijtimoiy transformatsiyalarni o‘rganishda muhim o‘rin egallaydi, o‘zbek tadqiqot institutlari bilan bevosita muloqot esa akademik kun tartibini kengaytirish va uni yanada mazmunli hamda zamonaviy qilish imkonini beradi.
MOXI va Vashington universiteti o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, qo‘shma tadqiqotlar, ekspert seminarlar, mehmon ma’ruzalari, tahliliy nashrlar tayyorlash, tadqiqot materiallari almashinuvi, shuningdek, yosh tadqiqotchilar uchun stajirovka imkoniyatlarini rivojlantirish va ularni Markaziy Osiyoni o‘rganish jarayonlariga kengroq jalb etish masalalari ko‘rib chiqildi.