Tomonlar Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikning holati yuzasidan fikr almashdilar hamda MOXI va CAREC instituti o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar.
MOXI direktori Javlon Vaxabov mehmonlarni institut faoliyati, uning maqsad va vazifalari bilan tanishtirdi, shuningdek, Markaziy Osiyoda hamkorligining hozirgi jarayonlari va mintaqa davlatlarining "Markaziy Osiyo plyus" platformasi doirasidagi rivojlanib borayotgan o’zaro aloqalarining ustuvor yo‘nalishlarini yoritib o‘tdi.
CAREC instituti direktori Charimuhammet Shalliyev Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirish va mamlakatda innovatsion loyihalarni amalga oshirishga katta ahamiyat berishini ta’kidladi.
Samarqandda bo‘lib o‘tgan OTB Boshqaruvchilar kengashining 59-yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston va OTB o‘rtasida zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish, inson kapitalini mustahkamlash va kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan 12 milliard dollarlik yangi dastur imzolangani hamkorlikni chuqurlashtirishdagi muhim qadam sifatida qayd etildi.
Shu bilan birga, CAREC instituti direktori o‘rinbosari Li Koutsin mamlakatda iqtisodiy rivojlanishning barqaror dinamikasini qayd etdi. Xitoy kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 2,1 mingtadan (2023-yilda) 5,2 mingtaga (2026-yilda) ko‘paygani buning tasdig‘idir.
Li Koutsin ta’lim sohasidagi tizimli islohotlarga alohida e’tibor qaratdi. Ta’lim ingliz tilida olib boriladigan oliy ta’lim muassasalari sonining ko‘payishi O‘zbekiston kadrlar tayyorlash va ta’lim tizimini xalqaro standartlarga moslashtirish masalasiga ustuvor ahamiyat berayotganidan dalolat berishi ta’kidlandi.
Suhbat davomida ishtirokchilar MOXI va CAREC instituti o‘rtasidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini, jumladan, mintaqada qayta tiklanadigan energiya, yashil moliyalashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish imkoniyatlarini izlashga qaratilgan qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazishni ta’kidladilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar o’zaro amaliy aloqalarni kengaytirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga, shu jumladan ikki tomonlama hamkorlik va ko‘p tomonlama muloqotlar doirasida amaliy tashriflar va ekspertlik muhokamalarini o‘tkazishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.