Voqealar
02.10.2026
|
136
MOXIda Gorchakov jamg‘armasi ijrochi direktori o‘rinbosari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) direktori Javlon Vaxabov Gorchakov jamg‘armasi ijrochi direktori o‘rinbosari Sergey Orlov bilan uchrashdi.

Suhbat davomida “O‘zbekiston va Rossiyaning raqamli transformatsiyasi: milliy ustuvor yo‘nalishlarning tutash nuqtalari” mavzusida o‘tkazilgan davra suhbati yakunlari hamda hamkorlikning navbatdagi yo‘nalishlari muhokama qilindi.

J.Vaxabov o‘tkazilgan tadbir ishtirokchilarga ikki mamlakatning raqamlashtirish va sun’iy intellektni joriy etish sohalaridagi hamkorligining istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qilish va belgilab olish imkonini berganini ta’kidladi. Ushbu mavzu bugungi sharoitda nihoyatda dolzarb ekani va ekspertlar hamjamiyatining faol ishtirokini talab qilishi qayd etildi.

Tahlil markazlari o‘rtasidagi hamkorlik milliy ustuvor yo‘nalishlarni yanada uyg‘unlashtirish va ikki tomonlama munosabatlar rivojiga qo‘shimcha sur’at bag‘ishlash imkonini berishiga alohida e’tibor qaratildi.

O‘z navbatida, S. Orlov Gorchakov jamg‘armasi MOXI bilan hamkorlikni davom ettirish hamda ikki tomonlama va mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalari bo‘yicha qo‘shma tadbirlar o‘tkazishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi. Shu nuqtayi nazardan, 2027-yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan qo‘shma tashabbuslar muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida MOXI hamda Rossiyaning ilmiy-tahliliy markazlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash va muntazam ekspertlar muloqotini davom ettirishdan manfaatdorlik bildirildi.

Gorchakov jamg‘armasi 2010-yilda Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligi tashabbusi bilan ommaviy diplomatiya, xalqaro muloqot va ekspertlar hamkorligini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan.

2021-yil 14-dekabrda MOXI va Gorchakov jamg‘armasi o‘rtasida Hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolangan.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom