Suhbat chog‘ida tomonlar mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashib, ikki mamlakat tahliliy markazlari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Uchrashuv avvalida MOXI direktori Javlon Vahobov KCDSS vakillarini Institut faoliyati, uning asosiy maqsad va vazifalari bilan tanishtirdi. Shuningdek, Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikning bugungi holati hamda mintaqa davlatlarining “MO+” platformalari doirasidagi o‘zaro hamkorligi haqida ma’lumot berdi.
KCDSS rahbari X. Turan Iroq va O‘zbekiston o‘rtasida chuqur tarixiy va madaniy aloqalar mavjudligini, bu esa ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish uchun qulay zamin yaratishini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu jarayonda o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishda tadqiqot va tahliliy tuzilmalarning faol ishtiroki muhim ahamiyat kasb etadi.
Hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida qo‘shma ekspert tadbirlarini tashkil etish, ilmiy-tahliliy tadqiqotlar o‘tkazish hamda ekspertlar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish belgilandi.
Uchrashuv yakunida tomonlar amaliy hamkorlikni izchil rivojlantirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.
2025-yilda Kirkuk shahrida tashkil etilgan KCDSS Iroq tadqiqot-tahlil markazi Yaqin Sharqdagi siyosiy va iqtisodiy jarayonlarni o‘rganishga ixtisoslashgan.