Voqealar
14.07.2026
|
144
Tsukuba universitetida Markaziy Osiyoning yosh tadqiqotchilari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Markaziy Osiyo xalqaro institute (MOXI) delegatsiyasining Yaponiyaga tashrifi davomida direktor Javlon Vaxabov Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun maxsus dastur (Special Program for Central Asian Countries, SPJES) bo‘yicha tahsil olayotgan Tsukuba universiteti talabalari va yosh tadqiqotchilariga ma’ruza qildi.

J. Vaxabov o‘z nutqida ishtirokchilarni Institut faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bilan tanishtirdi, shuningdek, mintaqaning so‘nggi rivojlanish tendensiyalari haqida gapirdi. Markaziy Osiyoda mintaqaviy konsolidatsiya jarayonlari va "Markaziy Osiyo plyus" formatlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuv davomida talabalar Markaziy Osiyodagi zamonaviy tashqi siyosiy jarayonlar, mintaqaning Yaponiya bilan munosabatlari, Afg‘oniston bilan o‘zaro hamkorlik, shuningdek, tashqi siyosiy qarorlarni ishlab chiqishda tahliliy markazlarning roli haqida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Suhbat yakunida institut direktori talabalarning yuqori darajadagi tayyorgarligi va intilishini qayd etib, mutaxassislarning yangi avlodini shakllantirishda xalqaro akademik tajriba muhimligini ta’kidladi. Shuningdek, u MOXI ularning Markaziy Osiyo bo‘yicha qo‘shma ilmiy va ekspert loyihalarida ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

Tsukuba universiteti Yaponiyaning yetakchi universitetlaridan biri hisoblanadi. “QS World University Rankings 2026” reytingida universitet dunyoda 350-o‘rinni egalladi.

2006-yildan boshlab universitetda Markaziy Osiyo bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan maxsus ta’lim dasturi Special Program for Central Asian Countries (SPJES) amalga oshirilmoqda. Dastur Yaponiyaning davlat va xususiy stipendiya dasturlari, jumladan, The Nippon Foundation va MEXT grantlari ko‘magida mintaqa davlatlaridan talabalarni o‘qitishni nazarda tutadi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom