Voqealar
26.07.2026
|
388
Urumchida mintaqaviy iqtisodiy integratsiya va barqaror rivojlanish masalalari muhokama qilindi. J.Vaxabov transchegaraviy hamkorlikni iqtisodiy barqarorlik va aholi farovonligini oshirish drayveri sifatida qayd etdi
Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik (CAREC) instituti bilan hamkorlikda Urumchi shahrida “O‘zbekiston va CAREC: barqaror rivojlanish va aholining zaif qatlamlarini kambag‘allikka qaytishining oldini olish yo‘lidagi hamkorlik” mavzusida davra suhbatini tashkil etdi.

Tadbirda O‘zbekiston va Xitoyning ilmiy-tadqiqot, tahliliy sohaga ixtisoslashgan davlat muassasalari vakillari ishtirok etdi.

Ishtirokchilar CAREC Dasturi doirasida mintaqaviy hamkorlikning hozirgi holati va rivojlanish istiqbollarini, shuningdek, aholi farovonligini oshirish hamda kambag‘allikni qisqartirishda Xitoy tajribasini qo‘llash imkoniyatlarini muhokama qildilar.

MOXI direktori Javlon Vaxabov o‘z nutqida CAREC Dasturining ishtirokchi davlatlar barqaror rivojlanishiga qo‘shayotgan salmoqli hissasini qayd etdi. Birgina O‘zbekistonning o‘zida CAREC tarmog‘i orqali transport, energetika, moliya va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi 44 ta loyihani amalga oshirish uchun qariyb 14 milliard AQSh dollar mablag‘ jalb etilgan.

CAREC instituti direktori Charimuhammet Shaliyev barqaror rivojlanish sohasidagi qo‘shma ishlarga alohida e’tibor qaratgan holda, Institutning Dasturga a’zo mamlakatlarning tahliliy va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan yaqin sheriklikni rivojlantirishga tayyorligini ta’kidladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi bo‘lim boshlig‘i Abdurashid Bozorov transport infratuzilmasini rivojlantirishni hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida qayd etdi. Ushbu doirada CAREC transport yo‘laklari tarmog‘iga kiruvchi mintaqadagi avtomobil va temir yo‘l magistrallarining katta qismi allaqachon modernizatsiya qilingan. “Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temir yo‘lining qurilishi to‘g‘ridan-to‘g‘ri transport qatnovini ta’minlash, multimodal tashuvlarni rivojlantirish hamda Yevropa va G‘arbiy Osiyo bozorlariga chiqish imkonini beruvchi mintaqaviy logistika xablari bilan integratsiyalashuvga xizmat qiladi.

Xitoy xalqaro kambag‘allikni qisqartirish markazi direktori o‘rinbosari Xe Shennyan Xitoyning aholi farovonligini oshirish borasidagi yutuqlari to‘g‘risida ma’lumot berdi. 2012–2020-yillarda manzilli qo‘llab-quvvatlash dasturi tufayli Xitoyda qariyb 100 million qishloq aholisi kambag‘allikdan chiqarildi. Mutlaq kambag‘allik bartaraf etilgach, mamlakatning asosiy sa’y-harakatlari uy xo‘jaliklari ahvolining qayta yomonlashishiga yo‘l qo‘ymaslik, daromadlarni oshirish va qishloq hududlarini kompleks rivojlantirishga qaratilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va mintaqaviy tadqiqotlar instituti direktori o‘rinbosari Zamon Xaldarov O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar natijalarini taqdim etdi. So‘nggi yillarda 8,5 million ehtiyojmand fuqaroning daromadlari oshirildi, kambag‘allik darajasi esa qariyb 35 foizdan 5,8 foizgacha qisqartirildi. «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi doirasida iqtisodiyot hajmini 240 milliard AQSh dollardan ortiqroqqa yetkazish, o‘rtachadan yuqori daromadli mamlakatlar qatoriga kirish hamda kambag‘allikni to‘liq bartaraf etish vazifalari belgilangan.

Xitoy qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi Xalqaro qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari markazi direktori Bi Szeyin qishloq hududlarini rivojlantirish ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, ilmiy asoslangan yondashuvlarni qo‘llash hamda malakali mutaxassislarni tayyorlashga tayanishi lozimligini ta’kidladi.

Shu nuqtai nazardan, ekspert O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish istiqbolli ekanini qayd etdi. Bunga O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida 2026–2027-yillarga mo‘ljallangan kambag‘allikni qisqartirish sohasidagi hamkorlik bo‘yicha Qo‘shma harakatlar rejasining amalga oshirilishi, shuningdek, “Markaziy Osiyo – Xitoy” formatidagi Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha hamkorlik markazining faol jalb etilishi asos bo‘lishi mumkin.

Tadbir yakunida ishtirokchilar CAREC maqsadlariga muvofiq mintaqaviy iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirish, ekspertlar muloqotini saqlab qolish, qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish va amaliy tashabbuslarni ilgari surish bo‘yicha qo‘shma ishlarni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom