Uchrashuv 24 yanvar kuni Toshkentda o‘tgan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) Tashqi ishlar vazirlari kengashi doirasida bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda Ozarbayjon, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Pokiston, Tojikiston, Turkiya, Turkmaniston va O‘zbekiston tashqi ishlar vazirlari, mintaqaviy tashkilotlar, shuningdek, ixtisoslashgan idoralar, mintaqaviy institutlar va IHTga tegishli idoralar rahbarlari ishtirok etdi.
Uchrashuv ishtirokchilari savdo, investitsiya, “yashil” iqtisodiyot, raqamlashtirish, energetika, oziq-ovqat xavfsizligi, ekologiya, qishloq xo‘jaligi va transport sohalarida mintaqaviy hamkorlikni jadallashtirish masalalarini muhokama qildilar. Shuningdek, savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish, IHT makonida iqtisodiy o‘sishning “yangi nuqtalari”ni aniqlash bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilish doirasida Kengash IHT ning 2023 yilga mo‘ljallangan dasturi va tadbirlarning yillik rejasini tasdiqladi. IHT Kotibiyati va ixtisoslashgan organlari faoliyati to‘g‘risidagi hisobotlar qabul qilindi, Tashkilotning loyiha faoliyati bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi. 2023 yilgi byudjet tasdiqlandi, O‘zbekistonning IHTga raisligi yakunlari sarhisob qilindi.