Davra suhbatlari
11.07.2023
|
174
Davra suhbati: “Markaziy Osiyo: global tendensiyalar va mintaqaviy kun tartibi”
Joriy yilning 11 iyul kuni MOXIda “Markaziy Osiyo: global tendensiyalar va mintaqaviy kun tartibi” mavzusida xalqaro “davra suhbati” boʼlib oʼtdi.

Ushbu tadbir Oʼzbekiston Prezidenti saylovida kuzatuvchi sifatida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan xalqaro ekspertlar tashabbusi doirasida tashkil etildi. Shu maqsadda, Markaziy Osiyo xalqaro instituti ushbu munozaralar maydoniga aylandi.

Unda jamoat va siyosiy doiralar, tahlil markazlari va ilmiy-tadqiqot institutlarining 30 dan ortiq yetakchi milliy va xalqaro ekspertlari ishtirok etdi. Xususan, Rossiya Fanlar akademiyasining Jahon iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar instituti, Rossiyaning Yevro-Osiyo tadqiqotlari markazi, Qirgʼizistonning “Elchi” ijtimoiy-siyosiy tadqiqotlar instituti, Tojikistonning Rossiya-Tojikiston (slavyan) universiteti Geosiyosiy tadqiqotlar markazi, Tojikiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Jamoatchilik kengashi vakillari qatnashdi.

Oʼzbek tomonidan Markaziy Osiyo xalqaro instituti, Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining yetakchi ekspertlari ishtirok etdi.

 Tadbir davomida ekspertlar Oʼzbekiston Prezidenti saylovi kontekstida mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari, uning mintaqaviy jarayonlarga taʼsiri va global kun tartibidagi muammolarni hal etishdagi oʼzaro aloqalarni muhokama qildilar.

Taʼkidlash joizki, Oʼzbekiston oʼzining tashqi siyosatdagi ustuvor yoʼnalishlarni saqlab qolgan holda, Markaziy Osiyo davlatlarini yanada yaqinlashtirishga qaratilgan saʼy-harakatlarini davom ettirishga yuqori ahamiyat qaratadi.

Unda qayd etilganidek, Shavkat Mirziyoyevning Oʼzbekiston prezidentligiga qayta saylangani jahon hamjamiyatining mamlakatimizga boʼlgan barqaror manfaatlarini saqlab qolishni taʼminlaydi. Bu, birinchi navbatda, Markaziy Osiyo davlatlarida siyosiy transformatsiyalar jarayonining yakunlanishi bilan bogʼliq boʼlib, mintaqaviy hamkorlikni uzoq muddatli rivojlantirish va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning muhim masalalarini hal etish uchun zamin yaratadi.

Ekspertlarning fikriga koʼra, Oʼzbekiston barqarorlik markazi va butun mintaqaning barqaror rivojlanishi omili sifatida qoʼshni davlatlar bilan konstruktiv asosda yaxshi qoʼshnichilik munosabatlarini mustahkamlash va oʼzaro manfaatli aloqalarni rivojlantirishni qoʼllab-quvvatlaydi.

Tadbirda qayd etilganidek, saylov natijalari “mintaqaviy hamkorlikning yangi davrini” ochib, Markaziy Osiyo mamlakatlariga koʼp tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash boʼyicha strategik xususiyatga ega uzoq muddatli rejalarni ishlab chiqish imkonini yaratadi.

Shu bilan birga, savdo-sanoat, energetika, transport, qishloq xoʼjaligini innovatsion rivojlantirish sohalaridagi hamkorlikni yanada kengaytirish, shuningdek, ushbu sohalardagi munosabatlarni institutsionallashtirish imkoniyatlarini koʼrib chiqish, koʼp tomonlama aloqalarni mustahkamlash va barqaror rivojlanish uchun shart-sharoitlarni yaratish muhimligi aytildi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom