Konferentsiyalar
25.05.2024
|
390
Toshkentda Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi formatida xavfsizlik masalalariga bag‘ishlangan ekspertlar konferensiyasi bo‘lib o‘tdi
24 may kuni Markaziy Osiyo xalqaro institutida (MOXI) “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi: xavfsizlik sohasida hamkorlikning yangi kun tartibi” mavzusida ekspertlar konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Tadbir MOXI va Yevropa Ittifoqi (YEI) bilan hamkorlikda tashkil etildi. Forumda Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi davlatlarining vazirlik va idoralari, diplomatik vakolatxonalari, yetakchi tahliliy va tadqiqot markazlarining 100 dan ortiq vakillari ishtirok etdi.

Yevropa tomonidan Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili Terhi Xakala, Yevropa Ittifoqining terrorizmga qarshi kurash boʻyicha koordinatori Bartyan Vegter, Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian, Yevropa Ittifoqi Kengashining Terrorizmga qarshi kurash boʻyicha ishchi guruhi raisi va Belgiya Tashqi ishlar vazirligining Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi direktori, elchi Nikolas Nihon, shuningdek, Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan dastur koordinatorlari va loyiha menejerlari hamda Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo formatida faoliyat olib boruvchi Yevropa Ittifoqi tuzilmalarining boshqa ekspertlari ishtirok etdi.

Markaziy Osiyo davlatlaridan ilmiy-tadqiqot tashkilotlari mutaxassislari, shuningdek, soha vazirlik va idoralari vakillari ishtirok etdi.

Konferensiyani ochar ekan, Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili Terhi Xakala shunday deb esladi: “2023 yilda Choʻlpon-Otada boʻlib oʻtgan davlat rahbarlari uchrashuvida Oʻzbekiston Prezidenti, Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylari ushbu konferensiyani oʻtkazishni taklif qilganida men u yerda boʻlganman. O‘sha vaqtdan buyon mintaqaviy hamkorligimizda ko‘plab yutuqlarga erishdik va ushbu konferensiya orqali xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirib borayotganimizdan mamnunman. Ishonchim komilki, bugungi muloqot Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo oldida turgan tez o‘zgaruvchan xavfsizlik muammolariga yaxshiroq javob berishga yordam beradi”.

MOXI direktori Javlon Vahobov ta’kidladi: “Hozirgi vaqtda xavfsizlik sohasi hamkorligimizning muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, unda biz o‘zaro hamkorlikning mazmunli tarixini shakllantirganmiz. Shu nuqtai nazardan, mintaqa mamlakatlari va Yevropa Ittifoqi huquqni muhofaza qilish idoralari o‘rtasida ekspert almashinuvi va amaliy hamkorlikni kuchaytirish va shunga mos ravishda ushbu sohadagi hamkorlikning an’anaviy yondashuvlarini qayta ko‘rib chiqish zarurati ortib bormoqda”.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Muzaffarbek Madrahimov: “Bugungi kun voqeligi Yevropa va Markaziy Osiyo uchun xavfsizlik tahdidlarining ajralmasligini hamda transmilliy tahdidlarga qarshi kurashdagi umumiy manfaatlarimizni chuqurroq anglash zarurligini tasdiqlaydi”, deb ta’kidladi.

Yevropa Ittifoqining Terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha koordinatori Bartyan Vegter shunday dedi: “Terrorizmga qarshi samarali kurash olib borish uchun chegaralar osha, mintaqaviy va xalqaro miqyosda hamkorlik qilishimiz kerak. Bu konferensiya Yevropa va Markaziy Osiyo qanday hamkorlik qilishi, qayerda bir-birimizni qo‘llab-quvvatlashimiz va bir-birimizdan qanday o‘rganishimiz mumkinligini muhokama qilish uchun ajoyib imkoniyatdir”.

Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian shunday dedi: “O‘zaro bog‘liqlik kuchayib borayotgan dunyoda hech bir mamlakat yoki mintaqa xavfsizlikka oid noan’anaviy tahdidlarni bir o‘zi yenga olmaydi. Bugungi muhokamalar davomida biz Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyodan kelgan ekspertlar va xavfsizlik amaliyotchilarining fikrlarini tingladik hamda joriy hamkorlik va mavjud loyihalarni sarhisob qildik”.

Anjumanda ekspertlar xavfsizlik Markaziy Osiyo mamlakatlari va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi hamkorlikning asosiy yoʻnalishlaridan biri ekanligi, uning doirasida Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan xavfsizlik bilan bogʻliq loyihalar doirasida ikki yuzdan ortiq mintaqaviy tadbirlar oʻtkazilgani, minglab yuqori malakali mutaxassislar tayyorlanayotgani, chegara xizmatlari va bojxona postlari modernizatsiya qilinganini ekspertkar tomonidan aytib oʻtildi.

BOMCA, CADAP, LEICA va boshqa xavfsizlik sohasidagi hamkorlik dasturlari doirasida Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo oʻrtasidagi hamkorlik masalalari ham muhokama qilindi. Forum ishtirokchilari mazkur loyihalarning amaliy samaradorligini oshirish chora-tadbirlari bo‘yicha takliflari muhokama qilindi. 

Bundan tashqari, ishtirokchilar terrorizm mafkurasi va tashviqotining internet orqali tarqalishiga qarshi kurashni kuchaytirish zarurligini taʼkidlab, BMT Xavfsizlik Kengashining terrorizmga qarshi kurash boʻyicha rezolyutsiyalarini izchil amalga oshirishga chaqirdilar.

Tadbir so‘ngida ishtirokchilar Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari barqaror rivojlanishiga ta’sir etuvchi mavjud muammolarni kuchaytirish va yangi muammolar paydo bo‘lishi sharoitida hamkorlikka yangicha yondashuvlarni ishlab chiqish nihoyatda muhim ekanligini ta’kidladilar. Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasida terrorizm va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash, kiberxavfsizlikni mustahkamlash, zo‘ravonlik ekstremizmi va odam savdosining oldini olish kabi muhim yo‘nalishlarda hamkorlik qiladi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom