Ijodiy kechada Ch.Aytmatov nomidagi Xalqaro Issiqko‘l forumi vakillari, qator davlatlarning elchilari va diplomatlari, rasmiy shaxslari, jamoatchilik, O‘zbekiston va Qirg‘izistonning ilmiy-tadqiqot muassasasi, O‘zbekiston qirg‘iz milliy madaniyat markazi vakillari va ikki davlat talabalari mehmon sifatida ishtirok etdi.

Tadbirni O‘zbek Milliy akademik drama teatri truppasi tomonidan Ch. Aytmatov asari asosida sahnalashtirilgan “Momo yer” spektaklidan parcha ochib berdi. Tadbir ishtirokchilari spektaklda tasvirlangan Tolg‘onaylar oilasining hayoti orqali mintaqamiz xalqlarining tarixiy taqdirlari, farovon kelajakka umidlarini aks ettirgan buyuk adibning adabiy merosi muhitiga sho‘ng‘ib ketdilar.
Ijodiy kecha avvalida MOXI direktori Javlon Vaxabov tabrik nutqi bilan ishtirokchilarga murojaat qilib, O‘zbekistonda Chingiz Aytmatov va uning ijodiga doimo alohida hurmat bilan qaralishini, uning g‘oyaviy-falsafiy merosini qadrlanishini alohida ta’kidladi.
Chingiz Aytmatov nomidagi Issiqkoʻl forumi vitse-prezidenti Dinara Jumaboeva ta’kidlaganidek, bu tadbir nafaqat buyuk insonga hurmat, balki zamonaviy Markaziy Osiyo kontekstida uning merosi mazmuni haqida yana bir bor fikr yuritish imkoniyatidir. Aynan Chingiz Aytmatov o‘z asarlari, falsafasi va diplomatik faoliyati orqali madaniyatlar va xalqlar o‘rtasida o‘zaro anglashuv ko‘priklarini barpo etish naqadar muhim ekanligini ko‘rsatdi.
O‘zbekistonda Chingiz Aytmatov ijodi yuksak qadrlanishi, jumladan adibning mintaqa xalqlari do‘stligini mustahkamlashga qo‘shgan hissasi uchun “Do‘stlik” va “Buyuk xizmatlari uchun” kabi yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlanishiga alohida urg’u berildi.
D.Jumaboyeva o‘z nutqida Ch.Aytmatov tashabbusi bilan tashkil etilgan va uning vitse-prezidenti atoqli o‘zbek shoiri Abdulla Oripov bo‘lgan Markaziy Osiyo xalqlari assambleyasini eslab o’tdi. Assambleyaning qayta tiklanishi nafaqat Chingiz Aytmatovga ehtirom, balki Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi doʻstlik va hamkorlikni mustahkamlash yoʻlidagi muhim qadam boʻlar edi, deydi Issiqkoʻl forumi vitse-prezidenti.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori Akmal Saidov o’z nutqida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘izistonga birinchi davlat tashrifi chog‘ida Qirg‘iziston rahbariga Ch.Aytmatovning tanlangan asarlarining oʻzbek tiliga tarjima qilingan to‘plamini sovg‘a qilganini ta’kidladi. To’plamning so’zboshiga “Buyuk yozuvchi va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov nafaqat qirg‘izlarning, balki barcha turkiy xalqlarning, jumladan, O‘zbekiston xalqining ham buyuk shaxsidir, do’stidir — deya qayd etgandi Sh.Mirziyoyev.
Chingiz Toʻraqulovich bilan shaxsan tanish boʻlgan akademik A.Saidovning taʼkidlashicha, u nafaqat buyuk yozuvchi va mutafakkir, balki XX asr va XXI asr boshlarining haqiqiy diplomati ham boʻlgan. “Insoniyatning butun tarixi davomida biz odamlarda urush madaniyatini tarbiyalaganmiz, lekin biz qachon insoniyat ongida tinchlik madaniyatini tarbiyalaymiz?”, deb ko’p savol berardi Ch.Aytmatov. U deyarli 20 yilini diplomatik faoliyatga bag'ishladi. "Yozuvchi va diplomatning kasblari biroz o'xshash: ikkalasi ham odamlarni birlashtiradi, faqat har biri o'z timsolida", deya ta’kidlagandi adib. Chingiz Aytmatov Alloh siylagan diplomat, u xalq elchisi edi, uning diplomatik ovozi yurak bilan eshitilardi, dedi A.Saidov.

Qirg‘iziston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, Chingiz Aytmatovning jiyani Asan Axmatov o‘z nutqida O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan 2021-yilda buyuk o‘zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofot ta’sis etilganini va Chingiz To‘raqulovich vafotidan keyin ushbu mukofot bilan taqdirlanganini ta’kidlab o’tdi. Shuningdek, Asan Axmatov Shavkat Mirziyoyevga Chingiz Aytmatovning jahon adabiyotiga qo‘shgan hissasini yuksak baholagani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri o‘rinbosari Avazxon Tojixonov adibning tavallud kuniga bag‘ishlab uning hayoti va ijodi haqida hujjatli film suratga olingani, “Oq kema”, “Jamila”, “Momo yer”, “Qiyomat“kabi asarlari asosida spektakllar namoyish etilganini ta’kidladi. Ayniqsa, O‘zbek va qirg‘iz kinoijodkorlari hamkorligida tayyorlangan “Sarviqomat Dilbarim” qissasi asosida suratga olingan filmning ikki mamlakat tomoshabinlari tomonidan ijobiy baholanishi muhim voqea bo‘ldi.
Samarqanddagi Xalqaro Markaziy Osiyo tadqiqotlari instituti direktori Rutbil Evren Chingiz Aytmatovning ulkan hissasi va uning asarlari Markaziy Osiyo xalqlari duch kelayotgan qiyinchiliklarni tushunishda ulkan ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladi. Uning soʻzlariga koʻra, Aytmatov asarlari kelajak avlodlar uchun muhim boʻlib, hayot mazmunini anglashga yordam beradi, shuningdek, xalqlar oʻrtasidagi muloqot, oʻzaro tushunish va doʻstona munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qiladi. Rutbil Evren yozuvchining rus tilida asarlar yaratishdagi mahoratiga alohida e’tibor berib, ular rus va turkiy tillar o‘rtasida ko‘prik bo‘lib xizmat qilganini aytib o’tdi.
“Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Ahmadjon Meliboyev o‘z nutqida yoshlarning Chingiz Aytmatov ijodiga qiziqishi ortib borayotganiga e’tibor qaratdi. Ma’ruzachi tadbir ishtirokchilariga O‘zbekiston Milliy universiteti qoshidagi Chingiz Aytmatovni o‘rganish markazi faoliyati haqida ma’lumot berdi. A.Meliboyevning ta’kidlashicha, yosh avlodning Ch.Aytmatov ijodi bilan yaqindan tanishishi buyuk adib ijodiga yangicha ko‘rinish, yangicha tushuncha beradi. A.Meliboyev nutqining so‘ngida “Issiqko‘l forumi” vitse-prezidenti D.Jumaboyevaga Chingiz Aytmatovga bag‘ishlangan “Asrga ta’tigulik umr” kitobini sovg‘a qildi.
JIDU professori, O‘zbekistonning Benilyuks mamlakatlaridagi sobiq elchisi Alisher Fayzullaevning bayon etishicha, Ch.Aytmatov doimo Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi yaqin munosabatlarni yoqlab kelgan. Buni mamlakatlarimiz o‘rtasida mustahkamlanib borayotgan munosabatlarning xabarchisi deyish mumkin. U mintaqamiz xalqlarini bir-biriga jipslashtirish uchun har tomonlama harakat qildi. A.Fayzullayev Ch.Aytmatovni “Markaziy Osiyoning jahon sahnasidagi elchisi” deb atadi.
Tadbir so‘ngida O‘zbekiston qirg‘iz milliy madaniyat markazi raisi Rahmatulla Jabborov Chingiz Aytmatov she’rini qirg‘iz tilida o‘qib berdi.

Ishtirokchilar e’tiboriga Ch.Aytmatov hayotidan lavhalar va noyob kadrlar tasvirlangan fotoko‘rgazma namoyish etildi.
Umuman olganda, ijodiy kecha iliq ruhda o‘tdi va Chingiz Aytmatov hayoti va ijodiga bag‘ishlangan samimiy hikoyalarga boy bo‘ldi. Ishtirokchilar Aytmatovning serqirra shaxsiyatini turli tomonlardan ochib beradigan buyuk adib bilan bo‘lgan uchrashuvlar haqida so’zlab berdilar.
Tadbirda Chingiz Aytmatov merosining madaniy muloqot va kengroq mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashdagi ahamiyati ta’kidlandi. Ishtirokchilar buyuk adib va diplomatning adabiy ijodi, ijtimoiy-siyosiy qarashlari bugungi kunda ham dolzarbligicha qolayotgani, xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv va do‘stlikni mustahkamlashga, Yangi Markaziy Osiyoni birgalikda barpo etishga xizmat qilayotganini ta’kidladilar.