HAMKORLIK
19.06.2025
|
873
MOXI va Oliy iqtisod maktabi yangi akademik hamkorlikni mustahkamlamoqda
Toshkentda Markaziy Osiyo Xalqaro Instituti (MOXI) va “Oliy iqtisod maktabi” Milliy tadqiqot universiteti (HSE University) Jahon iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakultetining Yevropa va xalqaro kompleks tadqiqotlar markazi (CCEIS) o‘zaro anglashuv to‘g‘risidagi birinchi memorandumni imzoladi. Hujjatga MOXI direktori Javlon Vahabov va CCEIS dastur direktori, professor Timofey Bordachyov imzo chekdilar.

Uchrashuv davomida MOXI direktori Javlon Vahabov ushbu kelishuv ikki ilmiy-tadqiqot muassasasi olimlari va ekspertlari o‘rtasida qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish va tajriba almashish uchun yangi imkoniyatlar ochib berishini ta’kidladi.

Memorandum doirasida qo‘shma ilmiy tadbirlarni tashkil etish, hamkorlikdagi tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, tahliliy materiallar va ekspert fikrlarini muntazam almashib borish ko‘zda tutilgan.

O‘z navbatida, professor Timofey Bordachyov ushbu memorandum imzolanishi ikki institut o‘rtasidagi kelgusidagi to‘laqonli hamkorlik uchun mustahkam poydevor yaratishini va mintaqaviy rivojlanish hamda xalqaro munosabatlar sohasida ekspertlik muloqotining yangi ufqlarini ochishini ta’kidladi.

Uchrashuv yakunida tomonlar ushbu hujjatning imzolanishi akademik aloqalarni yanada kengaytirish, tahliliy tajriba almashish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va mintaqaviy rivojlanish masalalari bo‘yicha ekspertlik muloqotini rivojlantirish yo‘lida muhim qadam bo‘lganini qayd etdilar.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom