Hurmatli hamkasblar, xonimlar va janoblar,
Markaziy Osiyo xalqaro institutini taqdim etish men uchun katta sharafdir. Ushbu muhim forumda ishtirok etish uchun taklif bergan tashkilotchilar — Zamonaviy Xitoy va Jahon Tadqiqotlari Akademiyasiga chin dildan minnatdorlik bildiraman.
Bugun BRICS ko‘p qirrali va amaliy hamkorlikning yirik platformalaridan biri sifatida tobora muhimroq rol o‘ynamoqda. Ayniqsa, BRICS+ formati O‘zbekiston uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda. 2024-yildan boshlab biz BRICSning asosiy institutlari bilan faol aloqalar o‘rnatib, hamkorlikni rivojlantirib kelmoqdamiz.
Joriy yil iyun oyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BRICS Yangi Taraqqiyot Banki Prezidenti Dilma Russefni qabul qildi. Bank Boshqaruvchilar Kengashi O‘zbekistonning a’zolikka qo‘shilish masalasini dastlabki tarzda ma’qulladi. Qiymati 5 milliard dollarlik ustuvor qo‘shma loyihalar dasturi shakllantirilgan.
Shuningdek, mamlakatimiz BRICSning sun’iy intellekt bo‘yicha Tadqiqot guruhi tashabbuslarida ishtirok etishni hamda YUNIDO qoshida tashkil etilayotgan BRICS Kompetensiyalar Markazi faoliyatiga qo‘shilishni rejalashtirmoqda.
O‘zbekiston allaqachon bir qator BRICS davlatlari bilan hamkorlikni rivojlantirishda sezilarli yutuqlarga erishdi. 2024-yilda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi savdo hajmi 14 milliard dollarga yetdi, yaqin yillarda esa bu ko‘rsatkichni 20 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilmoqda. Bugungi kunda Xitoy Markaziy Osiyoning eng yirik savdo hamkoriga aylandi, umumiy savdo hajmi 95 milliard dollarga yaqinlashdi.
Rossiya bilan hamkorlik ikki tomonlama asosda ham, MDH va YEOII doirasida ham rivojlanmoqda. 2024-yilda O‘zbekiston tashqi savdosining 35,1 foizi MDH davlatlariga to‘g‘ri keldi. O‘zbekiston YEOIIda kuzatuvchi maqomiga ega bo‘lib, ushbu davlatlar bilan savdo hajmi 17,5 milliard dollarni tashkil etdi, shundan 11,6 milliard dollari Rossiya ulushiga to‘g‘ri keladi.
Hindiston ham muhim istiqbolli hamkor bo‘lib bormoqda. So‘nggi yillarda u O‘zbekiston va boshqa Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan ikki tomonlama asosda ham, “Markaziy Osiyo–Hindiston” formati doirasida ham hamkorlikni faollashtirdi.
So‘nggi yillarda mintaqa mamlakatlari savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishda sezilarli yutuqlarga erishdi. 2017-yildan buyon Markaziy Osiyo davlatlarining tashqi savdo hajmi ikki baravarga oshib, 225 milliard dollarga yaqinlashdi, ichki mintaqaviy savdo esa 4,5 baravarga — 2,4 milliard dollardan 11 milliard dollargacha o‘sdi. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston va Qozog‘istonning BRICS+ formatiga qo‘shilishi Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun iqtisodiy o‘sish va integratsiyaning muhim omiliga aylanishi mumkin.
O‘zbekiston BRICS mamlakatlari bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga qiziqish bildirmoqda. Ishonchimiz komilki, BRICS+ mexanizmi doirasida hamkorlik Braziliya, Janubiy Afrika va ushbu birlashmaning boshqa mamlakatlari bilan savdo va investitsiya aloqalarini ham mustahkamlaydi.
Markaziy Osiyo xalqaro instituti BRICS davlatlari bilan tadqiqotlar, ekspert almashuvlari va qo‘shma loyihalar sohasida hamkorlikka ochiq.
E’tiboringiz uchun rahmat.