Forumlar
18.11.2025
|
36
Toshkentda “Markaziy Osiyo – Shimoliy Kengash” davlatlari birinchi tahliliy markazlari Forumi bo‘lib o‘tmoqda
Markaziy Osiyo xalqaro instituti “Markaziy Osiyo – Shimoliy Kengash” davlatlari formatidagi birinchi tahliliy markazlar Forumiga mezbonlik qilmoqda. Tadbir doirasida yetakchi ekspertlar, akademik doiralar, biznes hamjamiyati va diplomatik korpus vakillari mintaqalararo hamkorlikning dolzarb yo‘nalishlarini muhokama qilish hamda tahliliy tajriba almashish uchun bir maydonga jamlandi.

Forumni ochib berar ekan, MOXI direktori Javlon Vaxabov ishtirokchilarga faol qatnashganlari uchun minnatdorlik bildirdi va tadbirning strategik ahamiyatini alohida ta’kidladi. U Forum Markaziy Osiyo va Shimoliy mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni institutsional asosda rivojlantirish uchun muhim bosqich bo‘lib xizmat qilishini qayd etdi.

Shuningdek, J.Vaxabov Ozarbayjonning yaqinda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlariga qo‘shilganini e’tirof etib, kelgusida shu kabi tashabbuslarning kengayib, yangi hamkor davlatlarni ham qamrab olishini ta’kidladi.

Nazarboyev Universiteti Davlat boshqaruvi oliy maktabi assistent-professori Janibek Arinоv turizm, ta’lim va insonlararo aloqalar sohasida sezilarli yutuqlar kuzatilayotganini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, bu faqat boshlang‘ich bosqich bo‘lib, hamkorlikni institutsional jihatdan mustahkamlash hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi mavjud to‘siqlarni bartaraf etish zarur. Ushbu vazifa “Markaziy Osiyo – Shimoliy Kengash” formatini shakllantirish jarayonida yanada dolzarb bo‘lib bormoqda.

Yevroosiyo bo‘yicha Shvetsiya Savdo Palatasi bosh direktori Heinz Syo‘gren “С5+” va “С6+” kabi muloqot formatlarining mintaqalararo hamkorlikni kengaytirishdagi ahamiyatini ta’kidladi. U Shvetsiyaning innovatsiyalar va rivojlangan infratuzilmaga tayanish amaliyoti sanoat tarmoqlarini global darajaga olib chiqishga xizmat qilganini, bunday yondashuv Markaziy Osiyo davlatlari uchun ham foydali bo‘lishi mumkinligini qayd etdi.

LEGO Nordics’ning sobiq marketing direktori va ijtimoiy tadbirkor Gulshanoy Tolipova barqaror iqtisodiy o‘sish ichki talab, xalqaro hamkorlik va ishlab chiqarish zanjirlarini modernizatsiya qilishga tayanishini ta’kidladi. U Shimoliy davlatlarda keng qo‘llaniladigan yuqori ekologik standartlar va to‘liq ishlab chiqarish sikli Markaziy Osiyo uchun mahsulot sifatini oshirish, ekologik yuklamani kamaytirish va global raqobatbardoshlikni kuchaytirishda muhim mezon bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.

Forum o‘zini ochiq muloqot va ekspertlar o‘rtasidagi mazmunli fikr almashinuvi uchun samarali maydon sifatida namoyon qildi. Unda ta’lim, iqtisodiyot, innovatsiyalar va barqaror rivojlanish yo‘nalishlarida Markaziy Osiyo va Shimoliy Kengash davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladigan aniq va amaliy tavsiyalar ishlab chiqilmoqda. Muhokamalar tadbirning ikkinchi kunida ham davom etadi va Forum natijalari mintaqalararo sheriklikning uzoq muddatli rivojlanishiga muhim turtki berishi kutilmoqda.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom