Nutqlar
10.12.2025
|
95
MOXI direktorining “Markaziy Osiyo va Shimoliy kengash: hamkorlikning yangi istiqbollari” mavzusidagi davra suhbatidagi kirish so‘zi
2025-yil 31-oktabr, Toshkent

Janob Prezident, Tervetuloa Uzbekistaniin!

Iliq quyoshli Toshkentga xush kelibsiz! Bu yer — dunyoning eng sovuq poytaxtlaridan biri sanaladigan Astanadan shunisi bilan ajralib turadi.

Janob Prezident, sizni Markaziy Osiyo xalqaro institutida qutlab turish men uchun katta sharaf va mamnuniyatdir. Ma’lumki, institutimizi 2021 yilda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi — Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash va xalqlar o‘rtasidagi aloqalarni yanada kuchaytirishdan iborat.

Bilamizki, xorijiy tashriflaringiz chog‘ida Sizning tadqiqot va siyosat bo‘yicha ekspertlar bilan uchrashish an’anangiz mavjud. Siz binomizning birinchi qavatidagi faxriy mehmonlar kitobiga imzo chekkaningizda, institutimizga tashrif buyurgan birinchi xorijiy davlat rahbari bo‘ldingiz. Bu biz uchun tarixiy lahza bo‘lib, uzoq vaqt esimizdan chiqmaydi.

Hurmatli mehmonlar!

Helsinki ko‘p yillardan beri xalqaro vositachilik va huquq ustuvorligining global markazlaridan biri hisoblanadi. Yaqinda men “The Helsinki Effect” nomli hujjatli filmni tomosha qildim va u meni nihoyatda hayratda qoldirdi — unda Finlyandiyaning muloqot va hamkorlikni ilgari surishdagi faol roli yorqin yoritilgan. Bu jihatdan bizning mamlakatlarimiz bir yo‘nalishda harakat qilmoqda — ya’ni mintaqaviy barqarorlikni mustahkamlash yo‘lida.

Janob Prezident Stubb, men Sizning tashqi siyosatdagi “qadriyatlarga asoslangan realizm” yondashuvingizni uzoq vaqtdan beri katta hurmat bilan kuzatib kelaman. Ushbu falsafa — prinsiplar va amaliyotning uyg‘unlashuvi — bugungi tobora murakkablashib borayotgan xalqaro munosabatlar sharoitida alohida ahamiyat kasb etadi.

Sizning O‘zbekistonga tashrifingiz haqiqatan ham tarixiy ahamiyatga ega ekanini to‘liq ishonch bilan ayta olaman. Bu tashrif bir vaqtning o‘zida bir nechta yirik voqealar bilan hamohang bo‘lmoqda: qariyb qirq yildan buyon ilk bor UNESKOning Bosh konferensiyasi Parijdan tashqarida — qadimiy Samarqandda, sivilizatsiyalar chorrahasida o‘tmoqda. Shuningdek, Finlyandiya prezidenti O‘zbekistonga so‘nggi marta 1992 yilda tashrif buyurgan edi — mamlakatimiz mustaqil taraqqiyot yo‘lining ilk bosqichida turgan bir paytda. Aynan o‘sha yili O‘zbekiston Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotiga (YXHT) a’zo bo‘ldi, bugungi kunda esa ushbu tashkilotga Finlyandiya raislik qilmoqda.

Sizning tashrifingiz yaqinlashib kelayotgan yana bir muhim mintaqaviy tadbir — Toshkentda bo‘lib o‘tadigan yettinchi Markaziy Osiyo sammiti arafasiga to‘g‘ri keldi.

Janob Prezident!

Bugungi davra suhbati O‘zbekistonning yetakchi ilmiy-tahliliy markazlarini bir joyga jamladi. Muloqotimiz Markaziy Osiyodagi jarayonlar va Afg‘oniston masalalaridan tortib, O‘zbekistonning islohotlar dasturi, Shimoliy Kengash bilan hamkorlik va turli C5+ formatlarigacha bo‘lgan keng doiradagi masalalarni qamrab oladi. Shuningdek, Finlyandiyaning Yevropadagi o‘rni, Shimoliy mamlakatlarining global ahamiyati borasidagi fikrlaringizni ham eshitishni intiqlik bilan kutmoqdamiz.

Shuni ham alohida ta’kidlashni istardimki, Siz tinchlik o‘rnatish sohasida uzoq yillik yetakchilik tajribasiga egasiz. Inqirozlarni boshqarish tashabbusi (CMI) Kengashi raisi sifatida Siz Finlyandiyaning xalqaro miqyosda vositachilik borasidagi nufuzini mustahkamlashga ulkan hissa qo‘shdingiz. Biz esa hozirda CMI va boshqa hamkorlar bilan birgalikda Markaziy Osiyo va Shimoliy mamlakatlar o‘rtasidagi birinchi Tahliliy markazlar forumini tashkil etish ustida ishlayapmiz. Uni joriy yil noyabr oyida Toshkentda o‘tkazishni rejalashtirganmiz.

Bugun imzolanishi kutilayotgan o‘ziga xos ilk Memorandum mintaqalarimiz tahliliy markazlari o‘rtasida uzoq muddatli va mazmunli muloqot boshlanishining mustahkam poydevori bo‘lishiga ishonaman. Shuningdek, men CMI – Martti Axtisaari jamg‘armasi vakillari, jumladan bosh direktor doktor Janne Taalas bilan bir necha bor uchrashganman va bu jarayon uzoq, biroq juda samarali bo‘lganini alohida qayd etmoqchiman.

Finlyandiyada shunday naql bor: “Hiljaa hyvä tulee” — “Shoshilmay qilingan ish — barakali bo‘ladi”. Menimcha, bu aynan mintaqalararo hamkorlik va muloqotni shakllantirish jarayoniga juda mos keladi.

Yana bir bor xush kelibsiz, janob Prezident. Sizni ardog‘imizda ko‘rib turganimizdan mamnunmiz va endi so‘zni Sizga taqdim etaman.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom