Nutqlar
10.12.2025
|
86
MOXI direktori Javlon Vaxabovning “Markaziy Osiyo – Shimoliy Kengash” davlatlari tahliliy markazlari birinchi Forumidagi nutqi
“Markaziy Osiyo – Shimoliy Kengash” davlatlari tahliliy markazlari Forumi (1-kun, 18-noyabr)

Hurmatli ishtirokchilar,

Sizlarni Markaziy OsiyoShimoliy Kengashdavlatlari tahliliy markazlari Forumi munosabati bilan Markaziy Osiyo xalqaro instituti nomidan chin dildan qutlab, tashrifingiz uchun samimiy minnatdorlik bildiraman. Ayniqsa, uzoq yo‘l bosib Shimoliy Yevropa mintaqasidan kelgan do‘stlarimizga alohida tashakkur aytmoqchiman.

Bugun ikki mintaqa o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish vaqti keldi, deb hisoblayman. Eng muhimi, bunga erishish uchun kuchli siyosiy iroda mavjud. Yaqinda institutimizda Finlyandiya Prezidenti Aleksandr Stubb tashrif buyurdi. U yetakchi o‘zbek tahlil markazlari ekspertlari bilan uchrashuvda C5+N5 tashabbusini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev ham, Prezident Qasim-Jomart Toqayev ham ushbu g‘oyani ma’qullaganini allaqachon e’lon qilganlar. Ishonchim komilki, boshqa Shimoliy Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari ham bu g’oyani qo‘llab-quvvatlaydi.

Demak, siyosiy iroda mavjud ekan, endi bu g‘oyani amaliyotga aylantirish – bizning zimamizdagi vazifa. Bugun bu yerga to‘planishimizning sababi ham aynan shu.

Shuningdek, tadbirimiz mintaqa uchun juda muhim bir vaqtda o‘tayotganini ham ta’kidlashni istardim. Atigi ikki kun oldin Toshkentda mintaqaning eng yirik yillik tadbiri – yettinchi Markaziy Osiyo sammiti bo‘lib o‘tdi. Sammit davomida Ozarbayjon ushbu formatning to‘laqonli a’zosi sifatida qabul qilingani e’lon qilindi.

Hurmatli mehmonlar,

Bugun oddiy kun emas. Bugun O‘zbekistonda Davlat bayrog‘i kuni nishonlanmoqda — bu kun bizning o‘zligimizni, birlik va intilishlarimizni eslatadi. Shu munosabat bilan bugun Shimoliy Kengashdagi hamkorlarimiz bilan yangi hamkorlik yo‘llarini izlayotganimiz nihoyatda ramziy ahamiyatga ega. Zero, bayroqlarimiz turlicha bo‘lishi mumkin, ammo ular ifodalaydigan qadriyatlar va orzu-umidlar bugun bizni birlashtirib turibdi.

Hurmatli hamkasblar,

Bugun biz bilan Shvetsiyaning Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistondagi elchisi janob Tomas Danestad; Finlyandiyaning Markaziy Osiyodagi elchisi janob Ilkka Räisänen; shuningdek, O‘zbekistonning Shvetsiyadagi elchisi janob Rahmatulla Nurimbetov hamda ertangi maxsus sessiyada o‘z qarashlarini bildirish uchun tashrif buyurgan Daniya va Norvegiya diplomatik vakillari ishtirok etmoqda.

Forumimizda, shuningdek, Shimoliy Yevropa davlatlari va Markaziy Osiyodagi yetakchi tahlil markazlarining rahbarlari va ekspertlari, xususiy sektor, biznes hamjamiyatlari va mustaqil tadqiqot institutlaridan vakillar ham qatnashmoqda.

Hurmatli ishtirokchilar,

Bugun bizning oldimizda juda mas’uliyatli vazifa turibdi — yangi hamkorlik formatining poydevorini qo‘yish. Shimoliy Yevropa davlatlarining barchasini bir maydonga ilk bor jamlab turibmiz. Demak, bugun biz ma’nan tarix yaratmoqdamiz.

Keling, bugungi boshlagan yo‘limiz maqsadli, dinamik va mintaqalarimiz kutayotgan ishonchli hamkorlikka munosib bo‘lsin.

Keyingi ikki kun davomida savdo, investitsiya, biznesni rivojlantirish, yashil energetika, muhim mineral resurslar, ta’lim, inson kapitali va raqamlashtirish kabi qator istiqbolli yo‘nalishlarda mintaqalarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni muhokama qilamiz.

Men sizlarning vaqtingizni ko‘p olmayman, chunki sizlarda barcha ma’lumotlar bukletlarda mavjud, moderatorlar esa har bir sessiyani boshlanishidan avval batafsil tanishtiradi.

Yakunida, ushbu muhim tadbirni tashkil etishda ko‘rsatilgan beqiyos yordami uchun Xavfsizlik va rivojlanish siyosati instituti direktori va yaqin do‘stim Svante Kornellga chuqur minnatdorlik bildirmoqchiman. Uning fidoyiligi va maslahatlari ushbu forumning hayotga tatbiq etilishida juda katta rol o‘ynadi.

Hurmatli do‘stlar, hammangizga tashakkur bildiraman va bugungi muhokamalar samarali o‘tishini tilayman.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom