Hurmatli Sergey Vadimovich!
Hurmatli Aleksey Vladimirovich!
Hurmatli elchilar, hamkasblar va tadbir ishtirokchilari!
Avvalo, sizlarning barchangizni Toshkent shahrida o‘tkazilayotgan “Markaziy Osiyo – Rossiya” tahlil markazlari forumida samimiy qutlashdan mamnunman.
Taklifimizga shu qadar keng va nufuzli ishtirokchilar doirasi javob qaytargani hamda Rossiya va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash istiqbollarini muhokama qilishga katta qiziqish bildirganligi alohida ahamiyatga ega.
Alohida ta’kidlash joizki, mazkur Forum Markaziy Osiyo xalqaro instituti va 2021-yildan buyon yaqin va samarali hamkorlik qilib kelayotgan A.M. Gorchakov nomidagi Jamoat diplomatiyasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Bugun biz yangilangan bitimni imzolayapmiz, u yangi qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish va hamkorlik formatlarini kengaytirish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi.
Shu bilan birga, bugungi Forum Markaziy Osiyo va Rossiya o‘rtasidagi ekspertlar hamkorligini rivojlantirish yo‘lidagi ilk qadam emasligini ta’kidlamoqchiman. Rossiyaning tahliliy va ilmiy markazlari bilan hamkorligimiz allaqachon muntazam va jadal tus olgan.
Faqat joriy yilning o‘zida Markaziy Osiyo xalqaro instituti delegatsiyasi ikki bor Moskvaga tashrif buyurib, IMEMO, Xitoy va zamonaviy Osiyo tadqiqotlari instituti, Rossiya Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik instituti bilan hamda Rossiya Strategik tadqiqotlar instituti bilan harakatlar rejasini imzoladi. May oyining oxirida Toshkentda Oliy iqtisodiyot maktabi delegatsiyasini qabul qilib, qo‘shma davra suhbati va T. Bordachevning ochiq ma’ruzasini tashkil etdik. Bir necha hafta avval esa O‘zbekistonga Rossiya strategik tadqiqotlar instituti direktori, Rossiya Federatsiyasining sobiq Bosh vaziri Mixail Fradkov boshchiligida delegatsiya tashrif buyurdi. Noyabr oyida esa Toshkentda “Primakov o‘qishlari”ning sayyor sessiyasini o‘tkazishni rejalashtirmoqdamiz. Bularning barchasi mamlakatlarimiz ekspert hamjamiyatlarining qo‘shma yondashuvlar va amaliy yechimlar ishlab chiqishga bo‘lgan qiziqishi tobora ortib borayotganini yaqqol namoyon etadi.
Ishonchim komilki, shunga o‘xshash aloqalar mamlakatlarimizdagi boshqa tahlil markazlari o‘rtasida ham faol rivojlanib, keng va barqaror ekspertlar hamkorligi tarmog‘ini shakllantirmoqda.
Hurmatli hamkasblar!
Rossiya Markaziy Osiyo uchun muhim strategik hamkordir. Mamlakatlarimizni boy tarix, mustahkam gumanitar va madaniy aloqalar, shuningdek, deyarli barcha sohalarni qamrab olgan ko‘p qirrali hamkorlik bog‘lab turadi. Rossiya bilan ittifoqchilik va strategik munosabatlar ko‘p yillar davomida davlatlarimizning barqaror rivojlanishi va yaqin hamkorligi uchun mustahkam asos bo‘lib kelmoqda. Shu bilan birga, mintaqaning har bir davlati Rossiya bilan o‘ziga xos va dinamik ikki tomonlama hamkorlik kun tartibini rivojlantirib bormoqda, bu esa Markaziy Osiyo umumiy hamkorligi kun tartibini tabiiy ravishda to‘ldiradi.
Iqtisodiy jihatdan Rossiya Markaziy Osiyo mamlakatlarining yetakchi savdo hamkorlaridan biri bo‘lib qolmoqda. 2024-yilda umumiy tovar ayirboshlash hajmi 45 milliard AQSH dollaridan oshganligi iqtisodiy aloqalarimizning chuqurligi va ko‘lamini yaqqol ko‘rsatadi. Yirik qo‘shma loyihalar sanoat, energetika, transport va qishloq xo‘jaligi sohalarini qamrab oladi.
Energetika sohasi Markaziy Osiyo va Rossiya o‘rtasidagi hamkorlikning eng muhim yo‘nalishlaridan biridir. Bu borada “Rosatom” ishtirokida atom elektr stansiyalarini qurish loyihalari alohida o‘rin tutadi. Ularning amalga oshirilishi Markaziy Osiyoda uzoq muddatli energetik xavfsizlik va barqaror rivojlanishni mustahkamlashga strategik hissa bo‘lib xizmat qiladi.
Xalqaro transport yo‘laklarini rivojlantirish ham muhim ahamiyat kasb etadi. Diqqat markazida “Shimol – Janub” loyihasi, shuningdek, mamlakatlarimizni Janubiy Osiyo bilan bog‘lovchi yo‘nalishlarni kengaytirish masalalari turibdi. Bu sa’y-harakatlar barqaror iqtisodiy o‘sish va mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish maqsadlariga to‘liq mos keladi.
Mehnat migratsiyasi ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda. 2024-yil sentabr holatiga ko‘ra, Rossiyada Markaziy Osiyo davlatlarining qariyb 4 million fuqarosi istiqomat qilgan. Ularning Rossiya iqtisodiyoti va ijtimoiy rivojiga qo‘shayotgan hissasi katta. Shu bois, migratsiya jarayonlarini tartibga solish bo‘yicha qo‘shma mexanizmlarni takomillashtirish, mehnatkashlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash muhim ahamiyatga ega.
Gumanitar va ta’lim sohasidagi hamkorlik munosabatlarimizda alohida o‘rin tutadi. Rossiya Markaziy Osiyo yoshlarining ta’lim olishi uchun asosiy yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda. Har yili minglab talabalar Rossiya oliy ta’lim muassasalarini tanlaydi, mintaqada yetakchi rus universitetlarining filiallari faoliyat yuritmoqda va bu sohada Rossiya allaqachon yetakchi o‘rinni egallagan. Faqat O‘zbekistonda hozirda 14 ta Rossiya oliy o‘quv yurti filiali faoliyat ko‘rsatmoqda, yaqin kelajakda esa Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti filiali ochilishi kutilmoqda. Bu ko‘rsatkichlar Rossiya ta’lim tizimiga bo‘lgan yuqori talab va madaniy-gumanitar aloqalarimizning mustahkamligini tasdiqlaydi.
Shuningdek, biz Rossiya bilan MDH, SHHT, YEOII hamda “Markaziy Osiyo plyus” formatlari doirasida ham faol hamkorlik qilib kelmoqdamiz.
2022-yilda Astanada bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo va Rossiya yetakchilarining birinchi uchrashuvi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotning yangi mexanizmini ishga tushirgan muhim bosqich bo‘ldi. Unda strategik ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha umumiy tushuncha shakllantirildi, mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikning asosiy yo‘nalishlari belgilandi va ishonchga asoslangan hamkorlik poydevori yaratildi.
Joriy yilning oktabr oyida Dushanbe shahrida “Markaziy Osiyo – Rossiya” formatidagi ikkinchi uchrashuv bo‘lib o‘tadi. Ushbu uchrashuv muloqotni yanada rivojlantirish hamda uni Markaziy Osiyo mamlakatlari va Rossiya manfaatlarini aks ettiruvchi aniq loyihalar va tashabbuslar bilan boyitishga qaratilgan.
Biz “Markaziy Osiyo – Rossiya” formati ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash va uning amaliy samaradorligini oshirish uchun katta salohiyatga ega ekaniga ishonamiz.
Hurmatli ishtirokchilar!
Bugungi Forum ekspertlar hamjamiyatining “Markaziy Osiyo – Rossiya” formatini mustahkamlash va rivojlantirishga qo‘shgan muhim hissasidir. Biz uning natijalari ushbu muloqotni aniq mazmun va amaliy tavsiyalar bilan boyitishiga umid qilamiz.
Forum dasturida hamkorligimizning asosiy yo‘nalishlariga bag‘ishlangan beshta sessiya nazarda tutilgan: energetika, transport, xavfsizlik, mehnat migratsiyasi, raqamlashtirish va innovatsiyalar. Ushbu yo‘nalishlarda biz mintaqaning barcha mamlakatlari va Rossiya manfaatlariga mos keladigan kelishilgan yondashuvlar va yechimlarni ishlab chiqishimiz lozim.
Barcha ishtirokchilarga samarali ish, mazmunli muhokamalar va bo‘lajak “Markaziy Osiyo – Rossiya” davlat rahbarlari sammitiga munosib hissa bo‘ladigan aniq takliflar ishlab chiqishni tilayman.
Rahmat.