Hurmatli Elchi Janobi Oliylari Jonatan Xenik,
Muhtaram mehmonlar,
Sizlarni Markaziy Osiyo xalqaro institutida samimiy qutlash men uchun katta sharafdir. Janobi Oliylari, taklifimizni qabul qilganingiz uchun Sizga chuqur minnatdorligimni bildiraman. Bugungi tashrifingiz o‘zaro anglashuv va ishonchni mustahkamlashga xizmat qiladigan ochiq muloqot va professional hamkorlik an’analarining mantiqiy davomidir.
Aziz do‘stlar,
Bugun biz AQShning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Janob Jonatan Xenikni qabul qilish sharafiga muyassarmiz. Men elchini qariyb o‘n yildan buyon bilaman. Aynan uning sa’y-harakatlari tufayli 2021-yilda siyosiy maslahatlar formati “O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi Strategik sheriklik muloqoti” darajasiga ko‘tarildi va iqtisodiyot, xavfsizlik hamda ekologiya yo‘nalishlarini qamrab oldi. Ushbu yangi formatdagi ilk uchrashuv Toshkent shahrida bo‘lib o‘tib, keng qamrovli hamkorlik uchun mustahkam zamin yaratdi.
Elchi J.Xenik 2022-yildan buyon AQShning O‘zbekistondagi elchisi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda hamda diplomatik tajriba va chuqur ekspertlik salohiyatiga ega. So‘nggi lavozimi esa Turkiyaning Istanbul shahrida AQShning Bosh konsuli bo‘lgan. Bundan avval u AQSh Davlat departamentida Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha kotib yordamchisining o‘rinbosari sifatida ishlagan. Shuningdek, Xalqaro axborot dasturlari byurosida Muvofiqlashtiruvchi o‘rinbosari va Muvofiqlashtiruvchi vazifasini bajaruvchi lavozimlarida faoliyat olib borgan. Elchi J.Xenik xorijda Turkiyada Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha maslahatchi, Timor-Leste davlatida Missiya rahbari o‘rinbosari, shuningdek, Ozarbayjon, Turkiya, Portugaliya va O‘zbekistonda turli lavozimlarda xizmat qilgan.
Hurmatli Elchi,
Mazkur ochiq ma’ruza uchun bundan-da mos vaqtni tasavvur qilish qiyin. So‘nggi bir yil davomida O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi ikki tomonlama va ko‘p tomonlama aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilganiga barchamiz guvoh bo‘ldik. C5+1 formatining 10 yilligi nishonlandi hamda Vashingtonda ilk bor yuqori darajadagi C5+1 sammiti o‘tkazildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev va Donald Tramp bir necha bor uchrashdilar: BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasi doirasida New Yorkda o‘tkazilgan oliy darajadagi tadbirlar chog‘ida, Vashingtonda C5+1 sammiti vaqtida, shuningdek, yaqinda, o‘tgan oyda Davosda Tinchlik Kengashi Nizomini imzolash marosimida. Ushbu uchrashuvlar ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik izchil rivojlanib borayotganligini, muntazam va oliy darajadagi siyosiy muloqot mustahkam asosga ega ekanligini yaqqol namoyon etdi.
Bugungi kunda Amerika-O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi faoliyat yuritmoqda. Fevral oyi boshida Bishkek shahrida B5+1 Biznes forumi ikkinchi marotaba o‘tkazildi. Unda AQSh Prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor ishtirok etdi. Ta’kidlash joizki, Serjio Gor so‘nggi bir yil ichida O‘zbekistonga ikki marta tashrif buyurdi.
Markaziy Osiyo xalqaro institutida ham o‘tgan yili AQSh–Markaziy Osiyo tahlil markazlari forumi ilk bor tashkil etildi va bu mintaqalarimiz o‘rtasida ekspertlar darajasidagi muloqotni yanada mustahkamladi.
Shuningdek, joriy yilda AQSh o‘z mustaqilligining 250 yilligini, biz esa mustaqilligimizning 35 yilligini nishonlaymiz. Bu ramziy va muhim ahamiyatga ega palladir. Chunki har ikki xalq ham mustaqillikning muqaddas qadriyatini – davlatchiligimiz, milliy o‘zligimiz va suverenitet hamda erkinlikka sodiqligimizning asosiy tamoyilini ulug‘laydi.
Hurmatli Janob Elchi,
Ishonchim komilki, Siz ushbu jarayonlar haqida batafsil to‘xtalasiz. Shu bois ularga kengroq to‘xtalib o‘tmayman. Biroq bir jihatni alohida ta’kidlashni istardim: bugungi kunda ikki tomonlama munosabatlarimiz haqiqatan ham tarixiydir. Bunday darajadagi faollik ilgari kuzatilmagan. O‘zbekiston ushbu strategik sheriklikni yanada yuksak va mazmunan boy bosqichga olib chiqish, uni aniq natijalar bilan mustahkamlash hamda uzoq muddatli, barqaror va o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga intilmoqda.
Ayniqsa, bugun Sizning vazirlik va idoralar, tahlil markazlari, oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy doira vakillaridan iborat ishtirokchilar qarshisida so‘zga chiqayotganingiz chuqur ramziy ma’noga ega. Zero, aynan shu qatlam vakillari mamlakatimizdagi islohotlar va o‘zgarishlarda bevosita ishtirok etmoqda va Sizning fikr-mulohazalaringizni katta qiziqish bilan kutmoqda.
2026-yil ikki tomonlama munosabatlarimizda sermahsul yil bo‘lishi kutilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Donald Trampning kelgusi hafta Tinchlik Kengashining dastlabki yigʻilishida uchrashuvlari rejalashtirilgan. Ishonamizki, bu uchrashuv strategik muloqotimiz va amaliy hamkorligimizda yangi sahifa ochadi.
Hurmatli mehmonlar,
Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlashni istardimki, bugungi fikr almashinuvi amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi hamda Markaziy Osiyo va AQSh o‘rtasidagi ko‘prikni mustahkamlaydi.
Endi so‘zni AQShning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Jonatan Xenikka beramiz. Ma’ruzadan so‘ng savol-javob va munozara uchun imkoniyat beriladi.
Hurmatli Janob Elchi, marhamat.