Markaziy Osiyo davlatlari yangiliklari
20.06.2026
|
85
Oʻzbekiston Prezidenti xorijiy investorlar bilan hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini belgiladi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 18-iyun kuni Xalqaro kongress markazida Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi yalpi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Davlatimiz rahbari yigʻilishda soʻzga chiqib, soʻnggi yillarda Prezident huzuridagi kengash amaliy islohotlar maydoniga aylanib, mamlakatimiz va jahon investitsiya hamjamiyati oʻrtasidagi ishonchli koʻprik sifatida oʻz mavqeini mustahkamlaganini taʼkidladi.
 
Kengash mustaqil assotsiatsiya maqomini olib, mamlakat iqtisodiyotining 23 ta tarmogʻida faoliyat yurituvchi 85 ta kompaniyani birlashtirdi. 
 
Normativ-huquqiy baza izchil takomillashtirilgani hamkorlikning muhim amaliy natijalaridan biri boʻldi.
 
Shu bilan birga, milliy qonunchilikni xalqaro amaliyotga yanada yaqinlashtirish boʻyicha ishlar davom etmoqda.
 
“Muqobil investitsiya jamgʻarmalari toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi tayyorlandi, Masʼuliyatli biznes yuritish standartlarini joriy etish boʻyicha dastur ishlab chiqildi, texnik reglamentlarni xalqaro meʼyorlarga muvofiqlashtirish ishlari olib borilmoqda.
 
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining (IHTT) xalqaro investitsiyalar va koʻp millatli korxonalar toʻgʻrisidagi deklaratsiyasiga qoʻshilish jarayonini boshladi. Keyingi qadam sifatida Toshkent xalqaro moliya markazi toʻgʻrisidagi Konstitutsiyaviy qonunni qabul qilish rejalashtirilmoqda.
 
Yigʻilish ishtirokchilari oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish, Yangi Oʻzbekistonning investitsiya jozibadorligini oshirish, barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlash hamda islohotlarni muvaffaqiyatli davom ettirishga qaratilgan tashabbuslarni birgalikda amalga oshirishdan manfaatdorligini bildirdilar.

Batafsil: https://president.uz/oz/lists/view/9330 

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom