Uning fikricha, Markaziy Osiyoning xalqaro ahamiyati ikki jarayon ta’sirida ortib bormoqda. Jahon iqtisodiyotida mintaqaning transport yo‘nalishlari, energetika resurslari va bozorlariga qiziqish kuchayayotgan bir paytda, Markaziy Osiyo davlatlari ham o‘zaro munosabatlarini mustahkamlamoqda.
So‘nggi o‘n yilda mintaqa mamlakatlari bahsli masalalarni hal etish, chegaralarni ochish va siyosiy muloqotni mustahkamlash borasida sezilarli yutuqlarga erishdi. O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida 2025-yil mart oyida erishilgan kelishuvlar bu yo‘ldagi muhim bosqichlardan biri bo‘ldi.
Ushbu o‘zgarishlar iqtisodiyotda ham o‘z aksini topdi: mintaqa ichidagi savdo hajmi 12 milliard dollardan oshib, besh yil ichida qariyb ikki baravar ko‘paydi. Shu bilan birga, Javlon Vaxabov ta’kidlaganidek, siyosiy yaqinlashuv iqtisodiy kooperatsiyadan ilgarilab ketdi, bozorlar, transport tarmoqlari va energetika tizimlaridan birgalikda foydalanish imkoniyatlari esa hali to‘liq ishga solinmagan.
Navbatdagi qadam Markaziy Osiyo davlatlarining resurslari va ishlab chiqarish imkoniyatlarini birlashtiruvchi loyihalarni amalga oshirishdan iborat bo‘lishi kerak. MOXI direktori bunga misol sifatida Qirg‘iziston bilan birga O‘zbekiston va Qozog‘iston ishtirok etayotgan Qambarota GES loyihasini keltirdi. Shuningdek, u sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va mintaqaviy ishlab chiqarish zanjirlarini yaratish istiqbollarini alohida qayd etdi.
Ayni paytda Markaziy Osiyo mamlakatlari tashqi hamkorlar bilan birgalikdagi muloqotni kengaytirmoqda. Bugungi kunda 40 dan ortiq davlat, Yevropa Ittifoqi va Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashini qamrab oluvchi o‘ndan ortiq “C5+” formati faoliyat yuritmoqda.
Javlon Vaxabovning fikricha, umumiy loyihalarni muvofiqlashtirilgan holda ilgari surish mintaqaning investitsiyalarni jalb etish va yangi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini oshiradi. O‘z resurslari, infratuzilmasi va ishlab chiqarish imkoniyatlarini birlashtirgan Markaziy Osiyo xalqaro biznes uchun alohida harakat qiladigan beshta mamlakatdan ko‘ra jozibadorroqdir.
“Asosiysi, siyosiy yaqinlashuv ortidan iqtisodiy natijalar kelishi kerak. Bunga erishilsa, Markaziy Osiyo jahon iqtisodiyotiga yanada chuqurroq integratsiyalasha oladi”, — deya ta’kidladi Javlon Vaxabov.
Batafsil: https://www.origo.hu/kulpol/2026/11/uzbegisztan-javlon-vahabov-kozep-azsia
Javlon Vaxabov Origo nashriga bergan intervyusida: Markaziy Osiyo siyosiy yaqinlashuvni iqtisodiy natijalarga aylantirishi lozim
14.11.2026
|
193
Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Javlon Vaxabov Vengriyaning Origo nashriga bergan intervyusida mintaqada so‘nggi o‘n yilda yuz bergan o‘zgarishlar haqida so‘z yuritib, rivojlanishning navbatdagi bosqichidagi vazifalarni belgilab berdi.
Savolingiz bormi? AI Maslahatchi
IICA Virtual Assistant
Onlayn