O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan birinchi “Markaziy Osiyo – Koreya” sammitida ilgari surilgan Kritik minerallar bo‘yicha mintaqaviy investitsiya alyansini tashkil etish tashabbusi aynan shu vazifani ko‘zda tutadi. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, alyans geologik qidiruv va qazib olishdan tortib, chuqur qayta ishlash hamda yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishgacha bo‘lgan butun jarayonni qamrab oluvchi yirik qayta ishlash klasterlarini shakllantirishga ko‘maklashishi lozim.
Mazkur tashabbus mustahkam iqtisodiy mantiqqa asoslangan. Koreya o‘z sanoati uchun zarur materiallarning ishonchli yetkazib berilishidan manfaatdor bo‘lib, ilg‘or texnologiyalar, ishlab chiqarishni tashkil etish tajribasi va investitsiyaviy salohiyatga ega. Markaziy Osiyo davlatlari esa o‘z sanoat quvvatlarini rivojlantirish va yuqori malakali ish o‘rinlarini yaratishga intilmoqda. Shubhasiz, koreyalik kompaniyalar nafaqat xomashyo xarid qilishda, balki mintaqada qayta ishlash korxonalarini tashkil etishda ham ishtirok etsa, hamkorlik eng katta samara beradi. Bunday yondashuv sammitda mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish bo‘yicha erishilgan kelishuvlarga muvofiqdir.
Shu bilan birga, har bir loyiha puxta tayyorgarlikni talab qiladi. Foydali qazilma konining mavjudligi uni o‘zlashtirish va qayta ishlash iqtisodiy jihatdan samarali bo‘lishini o‘z-o‘zidan anglatmaydi. Investorlar zaxiralar to‘g‘risidagi ishonchli ma’lumotlar, energiya va suv resurslaridan foydalanish imkoniyati, samarali logistika hamda yakuniy mahsulotni kim xarid qilishi haqida aniq tasavvurga ega bo‘lishi kerak. Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) mintaqada zamonaviy geologik ma’lumotlar yetishmasligi va infratuzilmaviy cheklovlar mavjudligiga e’tibor qaratmoqda. Shu sababli investorlar va sanoat buyurtmachilari uchun jozibador loyihalarni birgalikda tayyorlash alyansning asosiy vazifalaridan biriga aylanishi mumkin.
O‘zbekistonda bunday ishlar uchun zarur asos allaqachon mavjud. Mamlakatda O‘zbekiston–Koreya noyob metallar va qotishmalar ilmiy-texnologik markazi faoliyat yuritmoqda, O‘zbekiston texnologik metallar kombinati rivojlantirilmoqda. Seul shahrida o‘tkazilgan biznes sammitida kritik minerallar sohasida umumiy qiymati 4 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 120 ta loyihani amalga oshirish rejalari taqdim etildi. Koreya texnologiyalari va investitsiyalari ushbu loyihalarning qaysi yo‘nalishlarida eng katta amaliy natija berishi mumkinligini aniqlash muhimdir.
Alyansning mintaqaviy xususiyati alohida ahamiyatga ega. Markaziy Osiyo mamlakatlari bir-birini to‘ldirishi mumkin bo‘lgan turli resurslar va sanoat imkoniyatlariga ega. Ularni Koreyaning salohiyati bilan birlashtirish orqali tomonlar nafaqat alohida bir mamlakat, balki butun mintaqa uchun manfaatli bo‘lgan ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirishi mumkin. Tashabbusning asosiy salohiyati ham shunda – Markaziy Osiyoning tabiiy boyliklarini mintaqaning umumiy sanoat taraqqiyoti manbaiga aylantirish.
Shubhasiz, mazkur tashabbusning amalga oshirilishi Markaziy Osiyo va Koreya o‘rtasidagi hamkorlikka yangi sur’at bag‘ishlaydi. Qo‘shma korxonalar tashkil etish, texnologiyalar transferi va mutaxassislar tayyorlash mintaqa mamlakatlariga iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash, yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish hamda aholi farovonligini oshirishga yordam beradi. Ishonchim komilki, bunday sheriklik Markaziy Osiyo mamlakatlarining birligini mustahkamlaydi va mintaqaviy rivojlanish jarayonlarining barqarorligini ta’minlaydi.
Kallibek Kamalov, Markaziy Osiyo xalqaro instituti