O‘zbekiston va Tojikiston savdo-iqtisodiy munosabatlari: hamkorlikni rivojlantirish yo’lidagi yangi qadamlar
19.04.2024
|
337
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 18-19 aprel kunlari davlat tashrifi bilan Tojikiston Respeblikasida bo‘ldi. Oliy darajadagi muzokaralar natijasida tarixiy hujjat – Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma imzolanishi ikki tomonloma strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini chuqurlashtirish yo‘lidagi mamlakatlarning ortga qaytmas yo‘nalishga sodiqligini tasdiqladi.

Tashrif davomida bir qator muhim tadbirlar, jumladan, Xotin-qizlar va rektorlar forumlari, O‘zbekiston kinosi kunlari, ziyolilar, olim va tarixchilar anjumanlari, milliy taomlar va turizm salohiyati festivali, “Made in Uzbekistan” mahsulotlar ko‘rgazmasi, shuningdek, biznes-forum tashkil etildi.

O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati ko‘p qirrali hamkorlik rivojlanishining jadal va ilg‘or xarakterini yaqqol namoyon etadi.

2017-yildan buyon mamlakatlar birgalikdagi sa’y-harakatlari natijasida o‘zaro munosabatlarni tubdan isloh qilishga, ularni ochiqligini ta’minlashga va faol amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga erishdi.

Qisqa vaqt ichida mamlakatlar salmoqli natijalarga erishdi, xususan, davlat chegarasi masalasi hal qilindi, ikki davlat fuqarolarining oʻzaro qatnovi uchun 30 kungacha vizasiz rejim joriy etildi, 17 ta nazorat-oʻtkazish punktining keng koʻlamli faoliyati tiklandi, Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Tojikiston hukumatlararo komissiyasi hamraislari maqomi Bosh vazirlar darajasiga koʻtarildi.

Bu yutuqlar mamlakatlar oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarning sezilarli va jadal rivojlanishiga xizmat qildi. Shu tariqa, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi so‘nggi sakkiz yil ichida 3 barobar oshib, 2023-yilda 750 million dollardan oshdi, yil boshidan esa yana 40 foizga o‘sdi. Shuningdek, yaqin yillarda tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, mamlakatlar o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikning yuqori dinamikasi nafaqat o‘zaro tovar ayirboshlash hajmining bir necha barobar ortishi, balki iqtisodiyotning turli tarmoqlarida qo‘shma korxonalar tashkil etishning faollashuvida ham namoyon bo‘lmoqda. Shu tariqa, 2017-yilda atigi 17 ta bo‘lgan ikki davlat hududida joylashgan qo‘shma korxonalar soni bugungi kunda 370 tadan oshdi.

Tojikistonda muvaffaqiyatli faoliyat ko'rsatayotgan qo'shma loyihalarga misol sifatida "Zelal-teks" ip-kalava va tayyor to'qimachilik mahsulotlari, "Artel" maishiy texnika mahsulotlari va "Talko-Krantas" maxsus kommunal va qurilish transportini yig'ish va ishga tushirish korxonalarini keltirish mumkin.

Eslatib oʻtish joizki, joriy yilning mart oyida Dushanbe shahrida Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Hukumatlararo qoʻshma komissiyaning 11-yig'ilishi boʻlib oʻtdi va unda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish boʻyicha aniq dastur va loyihalar, qishloq xoʻjaligi, energetika va suv resurslari, transport, raqamli texnologiyalar va boshqa sohalaridagi hamkorligimizning ustuvor yoʻnalishlari belgilab olindi.

Uchrashuvda yakunlariga ko’ra ko‘p qirrali ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirishga xizmat qiladigan Zarafshon daryosida ikkita gidroelektr stansiyasini birgalikda qurish loyihasini amalga oshirishni jadallashtirish va O‘zbekiston-Tojikiston sanoat-savdo zonasi faoliyati shartlari to‘g‘risidagi Hukumatlararo bitimni imzolash to‘g‘risidagi kelishuvlarga erishildi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Prezidentining Dushanbe shahriga tashrifi chog‘ida ikki davlatlar o’rtasidagi iqtisodiy hamkorlikning yangi istiqbollarini ochadigan hujjatlarlarning imzolanganligi alohida e’tiborga molikdir.

 

Sanoat va sanoat mulkini muhofaza qilish sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar, Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlari, xalqaro avtomobil va aviatsiya qatnovlari to‘g‘risidagi bitimlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi bayonnomalar, ikki mamlakat viloyatlari o‘rtasidagi hamkorlikning “yo‘l xarita”lari va boshqa hujjatlar ikki davlat sherikligini o‘zaro hamkorlikning yangi bosqichiga ko‘taradi, va bu, hech shubhasiz, ikki qardosh xalqning tub manfaatlariga to‘la javob beradi.

Umumiy qilib aytganda, bu galgi tarixiy tashrif O‘zbekiston va Tojikistonning ko‘p qirrali sherikligini izchil mustahkamlash, shuningdek, iqtisodiy taraqqiyotning yangi cho‘qqilariga birgalikda erishishga bo’lgan intilishining isboti bo‘ldi.

Uning samarali natijalari O‘zbekiston-Tojikiston iqtisodiy hamkorligining kuchli harakatlantiruvchi kuchiga aylanib, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmining oshishiga va mamlakatlar o‘rtasidagi sanoat va sarmoyaviy aloqalarning o‘zaro manfaatli mustahkamlanishiga xizmat qiladi, hamda, o‘z navbatida, Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlaydi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom