Turkiy xalqlarni bir-biriga bog‘lab turuvchi rishtalar umumiy tarix va til yaqinligi bilangina cheklanmaydi. Ular kundalik urf-odatlar, oilaviy munosabatlar hamda avloddan avlodga o‘tib kelayotgan qadriyatlarda ham namoyon bo‘ladi. Ko‘zga uncha tashlanmaydigan ana shu rishtalar turkiy jamiyatlarni yanada yaqinlashtirishning eng mustahkam asoslaridan biri bo‘lishi mumkin.
Biroq globallashuv odamlarning turmush tarzini o‘zgartirar ekan, uzoq yillar davomida shakllangan ko‘plab urf-odatlar yangicha talqin qilinmoqda, ayrimlari esa kundalik hayotdan asta-sekin yo‘qolib ketish xavfi ostida qolmoqda. Masala o‘tmishni o‘zgarishsiz saqlashda emas, balki qaysi qadriyatlarni asrab qolish va ular orqali turkiy xalqlar o‘rtasidagi aloqalarni qanday mustahkamlash mumkinligidadir.
Oilaviy rishtalar va avlodlar davomiyligi
O‘zbek jamiyatida ota-ona xonadoni farzandlar mustaqil oila qurganidan keyin ham ularni birlashtirib turadigan maskan bo‘lib qoladi. Xususan, kenja o‘g‘ilning ota-onasi bilan birga yashab, ular keksayganida g‘amxo‘rlik qilishi alohida ahamiyatga ega. Aka-uka va opa-singillar alohida yashashi mumkin, biroq kenja o‘g‘il yashaydigan ota-ona xonadoni farzandlar va nabiralar yig‘iladigan joy bo‘lib qolaveradi.
Bu an’ananing Markaziy Osiyoning boshqa xalqlari hayotida ham o‘xshash jihatlari bor. Qozoqlarda ota-bobolar xonadoni — «qara shanyraq» an’anaga ko‘ra kenja o‘g‘ilga ishonib topshiriladi va u ushbu xonadonning posboniga aylanadi. Qirg‘iz oilalarida ham shunga o‘xshash urf-odatlar mavjud. Ular keksa avlod oldidagi mas’uliyatga doir mushtarak qarashlarni aks ettiradi.
Ota-onaga hurmat oilaviy hayotdagi muhim voqealar arafasida keksalarning «oq fotiha»sini olish odatida ham namoyon bo‘ladi. Bu an’analar zamirida chuqur bir tamoyil mujassam: farzandlar mustaqil hayot boshlagach ham oilaviy rishtalar uzilmaydi. Mustaqillik ota-onaga g‘amxo‘rlik qilish va avlodlar o‘rtasidagi aloqalarni asrash mas’uliyatini kamaytirmaydi.
Ustoz-shogird an’anasi
O‘zbekistonda ustozga hurmat ta’lim maskani doirasidan ancha keng ma’no kasb etadi. «Ustoz-shogird» an’anasi kasbiy ko‘nikmalarni egallash bilangina cheklanmay, sabr-toqat, intizom va mas’uliyatni ham tarbiyalaydi. Bunga 2023-yilda YUNESKOning nomoddiy madaniy meros ro‘yxatiga kiritilgan O‘zbekiston kulolchilik san’ati misol bo‘la oladi. Shogirdlar avval tajribali ustalarning ishini kuzatadi, keyin asta-sekin buyum tayyorlash jarayonida ishtirok etib, oxir-oqibat hunarni mustaqil egallaydi.
Shunga o‘xshash an’ana Turkiyada ham saqlanib qolgan: u yerda ustoz va shogird munosabatlari an’anaviy hunarmandchilikning muhim tayanchi hisoblanadi. YUNESKO tomonidan 2016-yilda e’tirof etilgan turk koshinkorligi (çini) ustalar o‘z shogirdlariga nafaqat hunar sirlarini, balki kasbiy odob-axloq me’yorlarini ham o‘rgatishini ko‘rsatadi.
Hunarmandchilik usullari hududlarga qarab farqlansa-da, bu an’ananing mohiyati o‘zgarmaydi: bilim va tajriba ustozdan shogirdga uzoq muddatli amaliy mashg‘ulotlar orqali o‘tadi. Mazkur modelni zamonaviy kasb-hunar ta’limi bilan uyg‘unlashtirish turli hunarmandchilik markazlari o‘rtasidagi savdo va hamkorlik aloqalarini kuchaytirishi mumkin.
Mehmondo‘stlik va odamiylik
Mehmondo‘stlik ko‘pincha dasturxonning to‘kinligi bilan o‘lchanadi. Biroq uning asl mohiyati odamlar o‘zlarida oz bo‘lsa ham, borini boshqalar bilan baham ko‘rganida namoyon bo‘ladi. O‘zbek dasturxonida mehmonni osh bilan siylash va nonni e’zozlash oddiy taom tortishdan ko‘ra chuqurroq qadriyatlarni ifodalaydi.
2016-yilda YUNESKO O‘zbekistondagi palov madaniyatini, shuningdek, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya va Erondagi yupqa non tayyorlash an’analarini jamoalar o‘rtasidagi rishtalarni mustahkamlovchi madaniy meros namunalari sifatida e’tirof etdi.
Ikkinchi jahon urushi yillarida toshkentlik temirchi Shoahmad Shomahmudov va uning turmush o‘rtog‘i Bahri Akramova evakuatsiya qilingan, turli millatlarga mansub o‘ndan ortiq yetim bolani o‘z bag‘riga olib, voyaga yetkazgan. Hayotdagi qiyinchiliklarga qaramay, ular bu bolalarga shunchaki boshpana emas, balki mehrli oila taqdim etgan.
Ularning Toshkentdagi yodgorlikda abadiylashtirilgan hayotiy hikoyasi muhim haqiqatni eslatadi: chinakam mehr-shafqat millat, til va kelib chiqishdagi tafovutlardan ustun turadi. Aynan shu insoniy mazmun mushtarak madaniy qadriyatlarga bardavom ahamiyat bag‘ishlaydi.
Jamoaviy birdamlik
O‘zbekistonda mahalla o‘zaro mas’uliyatni jamoaviy harakatga aylantiradi. Hashar an’anasi orqali aholi ko‘chalar va jamoat joylarini obod etish uchun kuch birlashtiradi. Bunday hamjihatlik mamlakat miqyosida o‘tkaziladigan obodonlashtirish tadbirlarida ham yaqqol namoyon bo‘ladi.
Bugun mahallachilik an’analari oilalarning kambag‘allikdan chiqishiga ko‘maklashishda ham muhim o‘rin tutmoqda. Mahalliy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari yordamga muhtoj xonadonlarni aniqlash, ularni ish bilan ta’minlash va tadbirkorlik imkoniyatlariga yo‘naltirishga xizmat qilmoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yilning dastlabki sakkiz oyida 515 ming oila uchun individual qo‘llab-quvvatlash rejalari ishlab chiqilgan. Mahallalarda amalga oshirilgan qariyb 55 ming mikroloyiha esa 164 ming nafar aholining daromadini oshirishga yordam bergan.
Jamoaviy o‘zaro yordamning o‘xshash shakllari boshqa turkiy xalqlarda ham uchraydi. Qozog‘istondagi «asar» va Turkiyadagi «imece» an’analari ham umumiy ehtiyoj va vazifalarni hal etish uchun odamlarni birlashtiradi.
Yana bir misol — turkiy dunyoda 21-mart kuni nishonlanadigan Navro‘z bayramida sumalak tayyorlash an’anasi. Undirilgan bug‘doydan tayyorlanadigan bu quyuq shirin taom atrofida qo‘ni-qo‘shnilar katta qozon boshiga yig‘ilib, navbatma-navbat sumalakni kavlaydi, qo‘shiq aytadi va suhbatlashadi. Bunday udumlar birdamlik birgalikdagi mehnat, o‘zaro yordam va turli avlodlarning faol ishtiroki orqali qanday davom etishini ko‘rsatadi.
Mushtarak xalq donishmandligi
Maqollar xalqlarning madaniy yaqinligini ba’zan rasmiy bayonotlardan ham yorqinroq namoyon etadi. Tilshunoslik tadqiqotlari bunday o‘xshashliklar ko‘pligini ko‘rsatadi, garchi ayrim iboralar o‘ziga xos mahalliy mazmunini saqlab qolgan bo‘lsa ham. Hazil-mutoyiba va xalq og‘zaki ijodi qahramonlari bu yaqinlikni yanada yaqqol ifodalaydi. O‘zbeklarga yaxshi tanish bo‘lgan Afandi Turkiyada Nasriddin Xo‘ja nomi bilan mashhur. Uning kutilmagan javoblar va nozik kinoyaga boy latifalari odamlarni manmanlik hamda kundalik hayotdagi mantiqsiz holatlar ustida o‘ylashga undaydi. 2022-yilda YUNESKO yetti davlatning qo‘shma nominatsiyasi asosida ushbu latifachilik an’anasini e’tirof etdi.
Dostonchilik ham mushtarak madaniy merosning muhim qismidir. O‘zbek baxshichilik san’ati — epik asarlarni musiqa jo‘rligida ijro etish an’anasi, shuningdek, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Turkiyada keng tarqalgan donishmand Dada Qo‘rqut yoki Qo‘rqit ota haqidagi rivoyatlar esda qolarli hikoyalar va ijrolar orqali axloqiy tanlov masalalarini avlodlarga yetkazadi. Ularning ahamiyati syujetlarning aynan bir xil ekanligida emas, balki turli madaniy talqinlar orqali barchaga tanish insoniy muammolarni anglash imkoniyatidadir.
Zamonaviy davr sinovlari
Globallashuv an’analarning muqarrar ravishda yo‘qolishini anglatmaydi. Biroq shaharlashuv, migratsiya va turmush tarzining o‘zgarishi qadriyatlar avloddan avlodga o‘tadigan kundalik aloqalarni zaiflashtirishi mumkin. YUNESKO avlodlar o‘rtasidagi muloqotning kamayishini tirik madaniy meros uchun jiddiy tahdidlardan biri sifatida ko‘rsatadi. Demak, asosiy vazifa urf-odatlarni o‘zgarishsiz saqlash emas, balki ularning zamonaviy jamiyatda ham mazmun va ahamiyat kasb etishini ta’minlashdir.
Bu yo‘nalishda amaliy hamkorlik allaqachon yo‘lga qo‘yilmoqda. 2026-yil iyul oyida Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (TÜRKSOY) va O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi madaniy to‘plamlarni raqamlashtirish hamda qo‘shma virtual muzeylar yaratishni nazarda tutuvchi bitim imzoladi. Bunday tashabbuslarni davom ettirgan holda turkiy madaniyat muassasalari mahalliy jamoalar ishtirokidagi loyihalarni rivojlantirishi mumkin. Ular oilaviy xotiralar va mahalliy urf-odatlarni hujjatlashtirish, ko‘p tilli raqamli hikoyalar yaratish, shuningdek, yoshlar bilan an’anaviy bilim va tajriba sohiblari o‘rtasidagi bevosita muloqotni rag‘batlantirishga xizmat qiladi.
Bu an’analarni asrab qolish turkiy jamiyatlarning bir xil yashashini talab etmaydi. Eng muhimi, insonlarni bir-biriga g‘amxo‘rlik qilishga undaydigan kundalik udumlarni yashatishdir. Zero, ular hech bir sammit deklaratsiyasi o‘z-o‘zidan yarata olmaydigan hamkorlik asosini shakllantiradi.
Muallif haqida:
Nizomiddin Ziyomov — siyosatshunos, xalqaro munosabatlar bo‘yicha mutaxassis, Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) bosh ilmiy xodimi.