Ishtirokchilar global o‘zgarishlar sharoitida Markaziy Osiyo va Rossiya o‘rtasidagi hamkorlikning asosiy jihatlari bo‘yicha fikr almashdilar.

«Markaziy Osiyo – Rossiya» formati doirasida iqtisodiyot, xavfsizlik, ekologiya va madaniyat yo‘nalishlarida hamkorlikni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

IMEMO RAN tomonidan muhokamada akademik Aleksandr Dynkin, direktor o‘rinbosarlari – RAN muxbir a’zosi Sergey Afontsev, fan va innovatsiyalar bo‘limi rahbari Ivan Danilin, RAN muxbir a’zosi Stanislav Jukov, Yaqin Sharq tadqiqot markazi rahbari RAN muxbir a’zosi Irina Zvyagelskaya, postsovet tadqiqot markazi rahbari Eduard Solovyev, ushbu markazning iqtisodiy tadqiqotlar sektori mudiri Azganush Migranyan, Markaziy Osiyo sektori mudiri Stanislav Pritchin va postsovet tadqiqot markazi sektori mudiri Elena Kuzmina ishtirok etdilar.

Tadbirni ochar ekan, IMEMO RAN prezidenti A. Dynkin ta’kidladi: «O‘zbekiston Prezidentining siyosiy donoligi va yetakchiligi mintaqaviy kontekstni yangilashda hal qiluvchi rol o‘ynadi». Akademikning fikricha, Sh. Mirziyoyev olib borayotgan yaxshi qo‘shnichilik siyosati natijasida bugungi kunda Markaziy Osiyo Yevroosiyodagi eng farovon va barqaror mintaqaga aylangan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maxsus vakili A. Kamilov o‘zining tabrik nutqida Markaziy Osiyo davlatlari va Rossiya o‘rtasidagi yaqin hamkorlik tarixiy aloqalar hamda xalqlarimizning umumiy madaniy qadriyatlariga asoslanganini ta’kidladi.

MOXI direktori J. Vaxabov o‘z chiqishida davlatlararo hamkorlikning ilgari shakllangan bazasi va to‘plangan tajribasi «Markaziy Osiyo – Rossiya» formatini ilgari surishda qo‘llanilishi mumkinligini qayd etdi.
Postsovet tadqiqot markazi rahbari E. Solovyev Markaziy Osiyo mintaqasi tubdan o‘zgarayotganini va bunda O‘zbekiston rahbariyatining sa’y-harakatlari muhim o‘rin tutayotganini ta’kidladi. Natijada, nafaqat besh Markaziy Osiyo davlati o‘rtasidagi, balki butun mintaqaning Rossiya bilan hamkorligi yangi sur’at kasb etdi.

IMEMOning Markaziy Osiyo sektori mudiri S. Pritchin hozirgi munosabatlar dinamikasiga to‘xtalar ekan, iqtisodiy hamkorlikning tizimli faollashuvi bilan bir qatorda, Rossiya va mintaqa davlatlari o‘rtasida siyosiy, ijtimoiy va gumanitar aloqalar chuqurlashib borayotganini ta’kidladi.

IMEMO direktor o‘rinbosari S. Afontsev Markaziy Osiyoning Rossiya bilan hamkorlik formatlarini o‘zgartirish zaruratiga e’tibor qaratib, mavjud imkoniyat va salohiyatdan maksimal darajada foydalanish lozimligini qayd etdi.
IMEMO direktor o‘rinbosari I. Danilin esa doimiy muloqot kanallarini shakllantirish muhimligini ta’kidlab, bu jarayonda ekspert hamjamiyatining roliga urg‘u berdi.
Davra suhbati yakunida ishtirokchilar mintaqa davlatlari va Rossiya o‘rtasidagi strategik hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha aniq takliflarni ishlab chiqish maqsadida ekspert muloqotini davom ettirishga kelishib oldilar.

Ta’kidlash lozimki, ushbu tadbirdan oldin Markaziy Osiyo xalqaro instituti va Rossiya Fanlar akademiyasining Primakov nomidagi Jahon iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar milliy tadqiqot instituti o‘rtasida Hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv imzolangan edi.