Voqealar
02.04.2026
|
213
Farg‘onada Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlash istiqbollari muhokama qilindi
Joriy yilning 31-mart kuni Farg‘ona shahrida “Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon do‘stligining yangi davri” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) vakili Samandar Ismailov ishtirok etdi.

Tadbir O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston davlat chegaralari tutashgan hududda Do‘stlik stelasi o‘rnatilganligining bir yilligi munosabati bilan tashkil etildi. Mazkur stela yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va mintaqaviy birlikni mustahkamlash ramzi hisoblanadi.

Forumda Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjonning davlat idoralari, jamoatchilik hamda ekspert-tahliliy tuzilmalari vakillari qatnashdi.

Tadbir davomida ishtirokchilar Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon o‘rtasidagi hamkorlikning ustuvor va istiqbolli yo‘nalishlari, tadbirkorlikni rivojlantirish, investitsiyaviy hamkorlik hamda “yashil” iqtisodiyot masalalarini muhokama qildilar.

MOXI vakili S. Ismailov o‘z ma’ruzasida Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon o‘rtasidagi strategik sheriklikka alohida urg‘u berib, kelgusidagi hamkorlikning yangi bosqichlari va istiqbollarini belgilab berdi. Ta’kidlanganidek, bugungi kunda mintaqa mamlakatlari va Ozarbayjon “Yangi Markaziy Osiyo”ning institutsional asosini shakllantirmoqda.

Shuningdek, 2025-yilda Ozarbayjonning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari formatiga qo‘shilganligi Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratganligi alohida qayd etildi. Bu, avvalo, transport-logistika hamkorligi, energetika, investitsiyalar va sanoat kooperatsiyasi sohalarida namoyon bo‘lmoqda.

Muhokamalar davomida ishtirokchilar mamlakatlar o‘rtasida do‘stlik, ishonch va o‘zaro anglashuvni mustahkamlashda, shuningdek, hududlararo hamkorlikni yanada rivojlantirishga doir amaliy takliflarni ishlab chiqishda tahliliy va ekspertlik tuzilmalarining roliga yuqori baho berdilar.

Konferensiya yakunlari bo‘yicha ishtirokchilar Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari formati hududlararo o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash va hamkorlikning barqaror mexanizmlarini ishlab chiqishda yuksak salohiyatga ega ekanligini ta’kidladilar. Shuningdek, ekspertlik, ishbilarmonlik va gumanitar muloqotni yanada kengaytirish mintaqalarda tinchlik, barqaror rivojlanish va farovonlikning umumiy makonini shakllantirishga xizmat qilishi alohida qayd etildi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom