Uchrashuvda Shimoliy investitsiya banki bilan hamkorlikni kengaytirish istiqbollari, jumladan, O‘zbekistonda loyihalarni amalga oshirish uchun moliyalashtirishni jalb etish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Javlon Vaxabov ta’kidlaganidek, O‘zbekiston investitsiyalarni himoya qilish bo‘yicha huquqiy kafolatlar, tenglik tamoyillari va kapitalni jalb etishga qaratilgan turli rag‘batlantiruvchi mexanizmlar joriy etih orqali xorijiy investorlar uchun qulay sharoitlar yaratib, investitsiya muhitini izchil ravishda mustahkamlab bormoqda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, valyuta bozorini liberallashtirish, bozor institutlarini takomillashtirish hamda qonunchilikni modernizatsiya qilish jarayonlari iqtisodiyot shaffofligini oshirish va investorlar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Tomonlar ushbu ijobiy o‘zgarishlar O‘zbekistonda yashil energetika, barqaror infratuzilma, suv resurslarini boshqarish, energiya samaradorligi va iqlim o‘zgarishiga moslashish sohalaridagi loyihalarni amalga oshirishda xalqaro moliya institutlari, jumladan, Shimoliy investitsiya banki tomonidan moliyalashtirish uchun yangi imkoniyatlar ochayotganligini qayd etildilar
Shimoliy investitsiya banki sakkiz davlat – Daniya, Estoniya, Finlyandiya, Islandiya, Latviya, Litva, Norvegiya va Shvetsiya tomonidan asos solingan xalqaro moliya tashkilotidir. Bank Shimoliy Evropa, Boltiqbo‘yi mamlakatlari hamda boshqa mintaqalarda iqtisodiy samaradorlikni oshirish va ekologik vaziyatni yaxshilashga qaratilgan loyihalarni moliyalashtiradi.
Bank 1975-yilda tashkil etilgan bo‘lib, 1976-yildan o‘z faoliyatini boshlagan. Boltiqbo‘yi mamlakatlari unga 2005-yilda qo‘shilgan. Bankning bosh qarorgohi Helsinkida, mintaqaviy ofisi esa Rigada joylashgan.